Biroq toshlar unga qariyaning hali ham u bilan birga ekanidan ishora berdi va bu bo’zbolada ishonch uyg’otdi. U yana bo’m-bo’sh maydonga ko’z yugurtirdi, biroq endi uning nigohi oldingiday umidsiz emas edi. U yot bir dunyoga kelib qolmagan, shunchaki yangi bir joyda edi.

Axir, unga ayni shu — yangi joylarni ko’rish yoqardi-da. Agar ehromlargacha yetib borish nasib etmasa-da, achinmaydi, chunki u har qanday cho’pondan ham ko’proq narsalarni ko’rdi, bildi.

“Ular bilsaydi, — o’yladi bo’zbola, — atigi ikki soatli yo’l narisida hammasi mutlaqo boshqacha ekanini”.

Yangi dunyo hozir uning ko’z o’ngida o’lik maydonga aylanib yotardi, biroq haligina bu joyda hayotning qaynab-toshganini ko’rishga u ulgurdi va endi buni hech qachon unutmaydi. U o’zi ko’rgan qilichni ham esladi: ha, ikki daqiqali tomosha uchun ko’p pulidan ajrab qolishiga to’g’ri keldi, biroq bunday narsani u avval hech qachon ko’rmagandi-da. Tuyqusdan Santyago dunyoga nafaqat tovlamachi va yaramas kimsaning qurboni bo’lgan odam ko’zi bilan, balki jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqibozining nigohi bilan ham qaray olishini anglab qoldi.

— Men — jasur xazina qidiruvchi va sarguzashtlar ishqiboziman, — ming’irladi u uyquga ketarkan.

Kimdir biqinidan turtganidan u uyg’onib ketdi. Santyago qoq o’rtasida tunagan bozor maydoni tong otishi bilan tag’in jonlana boshlagan edi.

Odatiga ko’ra, qo’ylarni ko’rmoqchi bo’lib alanglarkan Santyagoning uyqusi butkul ochildi va o’zining yangi bir olamda ekani yodiga tushdi, esladi, biroq bundan ko’ngli cho’kmadi, aksincha, u baxtiyor edi. Endi qorin g’amida tentirab yurmaydi — to’g’ri xazinaga yo’l oladi! Garchi cho’ntagida bir miri bo’lmasayam, ertangi kuniga ishonchi bor, ko’ngli to’q. Kecha oqshom u sarguzashtlar ishqibozining taqdirini havas qildi, bunday qismatni o’ziga tanladi: endi u bir paytlar kitoblarda o’qigan qahramonlardan biriga aylanadi.



32 из 116