Aleksandr Belyayev

Jahongir

Ilmiy-fantastik roman


BIRINCHI QISM

I. NAPOLEONLIKKA NOMZOD

— Ko‘ylagimga suv sachratyapsiz, Shtirner! Eshkak eshishni bilmas ekansiz.

— Mana shu-da! Xotinlar qayiqda sayrga chiqishdan oldin oddiy suv ham dog‘ qoldiradigan matodan ko‘ylak kiyib olishadi.

— Bu gapni Jerom-Jeromdan, uning «Qayiqdagi uch kishi» hikoyasidan olgansiz, to‘g‘rimi?

— Juda bilagonsiz, xonim. Bu narsani Jerom mendan ko‘ra oldinroq payqagan bo‘lsa, ayb menda emas. Qayiqda to‘rt kishi emas, besh kishi o‘tirganda ham hech narsa o‘zgarmaydi.

— Biz faqat to‘rt kishimiz, — dedi skameykada o‘tirgan Emma Fit.

— Tilla sochli malikam, — javob berdi Shtirner, — Jeromning qayig‘idagi to‘rtinchi yo‘lovchi kuchuk edi. Bizning qayig‘imizdagi birinchi yo‘lovchi esa mening kuchugim Falk…

— Nega endi birinchi bo‘larkan?

— Chunki u benihoya zakovatli. Falk! Fit xonimning ro‘molchasini olib ber, ko‘rmayapsanmi, yerda yotibdi?

Falk, oppoq chiroyli iskovuch, sakrab turib ro‘molchani keltirib berdi.

Hammalari kulib yuborishdi.

— Ko‘rdingizmi! — dedi Shtirner mamnuniyat bilan. — Glyuk xonim, menga turmushga chiqing! Ikkovimiz kuchuklar o‘ynaydigan sayyor sirk ochamiz. Men masxarabozlarning sariq yasama sochini kiyib olib, kuchuklarni boplab o‘ynataman, siz esa kassada o‘tirasiz. Bir tasavvur qilib ko‘ring-a: odamlar yopirilib kelib turibdi, bu yoqda kuchuklar o‘ynab yotadi, kassada esa jaraq-jaraq pul… Tomosha tugaganidan keyin vafodor to‘rt oyoqli do‘stlarimiz bilan birga bazmi jamshid qilamiz. A? Zo‘r-a? Harholda Karl Gotlibning qo‘lida ishlab yurgandan ko‘ra yaxshi-da.

— Iltifotingiz uchun rahmat, lekin men bunaqa sayeq turmush kechirolmayman.



1 из 213