— Hm… Shuncha boyligingiz bilan men sizga bas kelolmayman-da, a?

— Qanaqa boylik? — hayron bo‘lib so‘radi Elza Glyuk.

— Nega ajablanyapsiz! Xuddi o‘z boyligingizni bilmaydiganday gapirasiz-a. Titsian chizgan Veneranikiga o‘xshash ajoyib sochlaringiz… Tabiiy rangi shunaqa-ku o‘zi, a? Jahlingiz chiqmasin, bilaman, rangi tabiiy. Titsian chizgan ayollar esa sochlarini maxsus moddaga bo‘yashar ekan. Hatto o‘sha moddaning retsepti ham saqlanib qolgan, deyishadi. Mana, ko‘rdingizmi, Titsianga ilhom bergan ne-ne go‘zallar ham ona tabiat sizga retseptsiz in’om etgan narsani sun’iy tarzda yaratishar ekan… Osmonday moviy ko‘zlaringiz-chi? Ularga ham bo‘yoq tegmaganiga yuz foiz ishonaman…

— Qo‘ying-e…

— Tishlaringiz esa naq durning o‘zi.

— Bu yog‘i ketavaradi — aqiq lablar deysiz, shunaqami? Go‘yo odamovi bankirning sekretari emasu tilla magazinda ishlaydigan zargarga o‘xshaysiz-a. Bo‘lmasa men ham mana shu zargarona xushomadingizga yarasha javob qilaman! Cho‘zinchoq yuzingiz, uzun burningiz, uzun sochlaringiz, uzun qo‘llaringiz, mabodo, sun’iy emasmi?

— Nima, siz dumaloq narsalarni yaxshi ko‘rasizmi? Otto Zauyernikiday dumaloq yuz, dumaloq ko‘zlar, ehtimol, o‘n yillardan keyin tarvuzday keladigan oltinlarga ega bo‘lsangiz, shundaymi?

— Judayam beor ekansiz, — dedi Elza Glyuk qizaribbo‘zarib.

— Qo‘ying, birovning cho‘ntagidagi aqchani sanamang, — so‘z qotdi Gotlibning yuriskonsulti Zauyer. Unga Shtirnerning Elzaga qilgan muomalasi yoqmagan, binobarin, botayotgan quyosh nurida qizg‘ish rangga bo‘yalgan daryoda, qayiqda o‘tirib indamay eshkak eshib borardi.

Shtirner qaltis hazil qilib qo‘yganini anglab, endi jiddiy ohangda gapira boshladi:

— Kechirasiz, hech kimni xafa qilish niyatim yo‘q. Shunchaki, sevgida ham hamma sohada bo‘lgani kabi yashash uchun kurash qonuni mavjud demoqchiman, xolos. Kim zo‘r bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Erkak bug‘ular ham urgochisini deb o‘lgunicha bir-biri bilan olishadi. Zo‘r chiqqani urg‘ochisiga egalik qiladi. Jamiyatimizda-chi? Kim zo‘r? Boyligi bor odam zo‘r. Ayting-chi, xonim, — Shtirner Elzaga murojaat qildi, — men ham anavi Krez, yo‘q, undan ham badavlatroq, — hurmatli Karl Gotlibga o‘xshaganimda, — ayollarga mening yuzim ko‘pam cho‘zinchoq ko‘rinmagan bo‘larmidi?



2 из 213