Bosh buxgalter marhumning g‘alati bir odati, ya’ni uning haddan tashqari ixtirochilikka berilgani haqida gapirib, zalda o‘tirganlarni xo‘p kuldirdi. Masalan, Karl Gotlib maxsus lift yasattirib, unga yozuv stolining yonida turgan kresloni o‘rnattirgan edi. Lift uchala qavatni birlashtirar edi. Gotlib ikkinchi qavatda joylashgan o‘z kvartirasidagi tugmachani bosib, birinchi qavatga — bankka tushardi. Qog‘ozlarga imzo chekar yoki zarur kishisi bilan gaplashardi-da, yana kresloda o‘tirgancha ikkinchi qavatga, to‘ppa-to‘g‘ri yozuv stolining yoniga ko‘tarilib, ishini kelgan joyidan davom ettiraverardi.

Gotlib ishlab o‘tirgan paytida xizmatchilar yoki malaylarning kirishini yoqtirmasdi. «Xayolni bo‘ladi», — derdi u. Binobarin, uy ichiga doim aylanib turadigan maxsus lentalar — transportyorlar o‘rnatilgandi. Aytaylik, Gotlibga biror kitob yoki issiq kofe kerak bo‘lsa, u o‘sha narsani telefonda buyurar, shu zahotiyoq bir stakan kofe, kitob, sigara qutisi qo‘yilgan patnis taransportyorning shovqinsiz aylanadigan lentasida shigillab to‘ppa-to‘g‘ri stolining yoniga kelib to‘xtardi.

— Uning gigiyenaga bo‘lgan e’tiqodi ham vasvaslikdan boshqa narsa esmasdi, — dedi guvohlardan biri. — Hamma xonalarga termometrlar, gigrometrlar va havoning sostavini aniqlab, uni tozalab turadigan murakkab apparatlar o‘rnatilgandi. Gotlib odatdagi ventilyatsiyani tan olmasdi. «Chang va benzin hidiga to‘yingan ko‘cha havosi bilan uy havosini tozalab bo‘lmaydi», — derdi u. Shuning uchun uy havosi kimyoviy yo‘l bilan tozalanardi. Maxsus bir odam uydagi harorat o‘n ikki daraja bo‘lishini nazorat qilib turardi: yozda havo quruq ham, nam ham bo‘lmasligi hamda unda kislorod kamayib, karbonat angidrid ko‘payib ketmasligi uchun harorat sun’iy ravishda o‘n ikki daraja qilib sovitilib, havo muttasil ozonlashtirib turilardi.

Ko‘ngilchanroq yoki bo‘lmasa, Lyuders tomonidan og‘zi tuzukroq moylangan yangi ekspert-psixiatorlar ana shu ko‘rsatmalarga asoslanib, marhum Gotlib chindan ham sog‘ bo‘lmagan, degan xulosani yozib berishdi.



26 из 213