
VI. SUD PROTSESSI
Oskar Gotlibning Elza Glyuk bilan bo‘ladigan sud protseyesi katta shov-shuv qo‘zg‘adi. Ish yutib chiqilgan taqdirda mashhur advokat Lyuders oladigan yirik gonorar, Gotlib vasiyat qilib qoldirgan katta mablag‘, vasiyatnoma yozilganidan so‘ng bir oy o‘tgach, Gotlibning to‘satdan halok bo‘lishi — bularning barchasi gazetalar uchun, undan ko‘ra ham uzunquloq gaplar uchun bitmastuganmas mavzu manbai edi. Aql bovar qilmaydigan taxminlar, qizg‘in bahslar olib borilar, garovlar o‘ynalardi. Aka-uka Gotliblarning o‘zaro aloqasi, shuningdek, Elza Glyukning Karl Gotlib bilan Zauyerga munosabati hammani ko‘proq qiziqtirardi. Ularni bog‘lab turgan narsa nima? Oskar bilan Karl Gotlib orasida nima gap o‘tgan? Nima uchun marhum o‘z ukasyni merosdan mahrum qildi? Sudni ham xuddi ana shu masalalar qiziqtirardi.
Oskar Gotlibning advokat Lyuders tomonidan mohirona tuqilgan da’vosiga ko‘ra, Karl Gotlib vasiyatnomani yozgan paytida «es-hushi joyida bo‘lmagan». Buni isbotlash uchun hamma imkoniyatlar ishga solindi. Karl Gotlibning qabrini ochib, eng zo‘r professorlar marhumning miyasini yorib ko‘rishdi. Shu munosabat bilan sudga taqdim etilgan protokolda miyaning vazni, tusi, miyadagi chiziqlarning soni, parishonxotirlikning boshlanayotgani batafsil yozib chiqilgan edi-yu, lekin asosiy vazifa hal etilmagandi.
Ekspertlar Karl Gotlibni uzil-kesil aqldan ozgan deiishga jur’at etisholmasdi, lekin Lyudersning «sharofati» bilan ba’zi bir «nuqsonlar» topishdi.
Ammo Lyudersning ixtiyorida puxta tayyorlangan guvohlar ham bor edi. Lyuders uchun ekspertlarga nisbatan o‘shalar bilan muomala qilish osonroq edi.
Katta ishning boshida turgan Karl Gotlib qo‘lida ozmuncha odam ishlamasdi. Ularning orasidan tuzukroq «cho‘tal» evaziga xohlagan maqomga yo‘rg‘alaydigan guvohlarni yollash unchalik qiyin emas edi. Tajribali qo‘l boshqarib turgan guvohlar Karl Gotlibni jinniga chiqarish maqsadida u bilan bog‘liq har xil mayda-chuyda gaplarni uyib tashlashdi.
