
— Battar bo‘lardi, — kulib javob berdi Elza.
— E! — dedi norozi ohangda Shtirner. — Siz shu husningiz bilan manman degan Gotliblarni chertib-chertib tanlab olishingiz mumkin. Shuning uchun shunaqa deyapsiz. Ammo bizga o‘xshagan oddiy sekretarlar, to‘kin dasturxonga tikilib so‘lagini oqizib o‘tiradigan, birovlarning maishatini kuzatib, o‘zi nonushoqqa zor bo‘lgan notavonlar nima qiladi?
— Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a, Shtirner! — dedi Fit.
— Uzr, bundan keyin ehtiyot bo‘lib gapiraman… Sofdillik, — davom etdi Shtirner, — tepamizda turganlar foydalanadigan bizning illatimizdir. Geyne: «Sofdillik — ajoyib narsa, agar atrofdagilarning hammasi sofdil bo‘lsa-yu, faqat bir o‘zim ularning orasida qallob bo‘lsam», — degan ekan. Modomiki, atrofdagilarning hammasi, — bu yerda o‘tirganlar bundan mustasno, — yoppasiga qallob ekan, baxtga erishmoq uchun, — shunday deb, u Elza Glyukka1 ma’nodor qarab qo‘edi, — shu darajada boshqa qalloblarning hammasi olijanob kishilar bo‘lib tuyulsin.
— Nima balo, Shtirner, bugun chap yoningiz bilan turganmisiz? — yana gapga aralashdi Otto Zauyer. — Hazillaringizning tagi zil bo‘lib ketyapti.
— Shunaqami? — dedi Shtirner beixtiyor va boshini xam qilib, indamay qoldi. Bir zumda yuziga keksalik ifodasi indi. Peshonasiga chuqur ajin tortildi. U go‘yo qandaydir qiyin muammoni hal qilayotganday og‘ir o‘yga botdi. Falk bir oyog‘ini uning tizzasiga qo‘yib, yuziga qattiq tikilib turardi.
Eshkaklar Shtirnerning qo‘lida harakatsiz qotgan, undan tomayotgan suv tomchilari shafaq yallig‘ida qonga o‘xshab ko‘rinardi.
