
Hamma sukutda edi. Daryo sokin oqardi. Ahyon-ahyon mayda baliqchalar oynaday suv sathidan otilib chiqardi-da, tangalarini bir yarqiratib, yana sho‘ng‘ib ketardi.
— Men sizni bu qadar shuhratparast deb o‘ylamagan edim, — dedi Zauyer jimlikni buzib. — Shunchalik ekan, ilmiy martabani tashlab, Gotlibning bizga o‘xshagan odmi xizmatchilari safiga o‘tishga sizni nima majbur qildi? Akar yanglishmasam, siz miyani o‘rganish bo‘yicha anchagina ishlar qilgansiz, hatto muvaffaqiyatli tajribalar o‘tkazganingiz haqida gazetalarda bir qancha maqolalar o‘qiganman… Siz shug‘ullangan fanning nomi nima edi? Refleksologiyami?
— Bu fanning nimaligiga mening ham unchalik aqlim yetmaydi, — dedi Elza.
— Muhtaram janoblar va muhtarama xonimlar! — deb gap boshladi Shtirner xuddi oliy martabali kishilarga leksiya o‘qiyotganday. — Refleksologiya, bu — insonning va umuman, har qanday tirik mavjudotning tashqi muhit ta’siriga aks javobini o‘rganadigan, shuningdek, umuman, tirik mavjudot bilan tashqi muhit o‘rtasidagi barcha munosabatlarni o‘z ichiga olgan fandir. Tushunarlimi?
— Sirayam tushunmadim! — dedi Elza.
— Bo‘lmasa, soddaroq qilib tushuntirishga harakat qilaman. Refleks, bu — organizmning bir nuqtasida yuz bergan qo‘zgalishni markaz, ya’ni miya orqali badanning ikkinchi bir nuqtasiga yetkazilishidan iborat. Tashqaridan bo‘ladigan har qanday ta’sir sezish organlari orqali miyada refleks uyg‘otib, badanning u yoki bu organlarini harakatga keltiradi, boshqacha qilib aytganda, reaksiya qo‘zg‘aydi. Bola qo‘lini olovga cho‘zadi. Olov kuydiradi. Olovning teriga ko‘rsatgan bu ta’siri nerv orqali miyaga yetib boradi, miyadan esa darhol qo‘lga aks javob keladi: bola qo‘lini olovdan tortadi. Olov tushunchasi bolada og‘riq gushunchasi bilan boglanib ketadi. Binobarin, har gal olovni ko‘rganida bola qo‘rqib, qo‘lini tortibroq turadi. Bu hodisa ilmiy tilda shartli refleks, deb ataladi.
