
Aleksandr Belyayev
Kets Yulduzi
Ilmiy-fantastik roman
Konstantin Eduardovich Siolkovskiy xotirasiga bag‘ishlayman
I. QORASOQOL BILAN UCHRASHUV
Arzimagan bir voqea taqdirimni hal qiladi, deb kim o‘ylabdi deysiz.
U paytda bo‘ydoq edim, ilmiy xodimlar turadigan binoda istiqomat qilardim. Leningradning bahor oqshomlaridan birida ochiq derazadan xiyobondagi yashil momiq bilan qoplangan daraxtlarni tomosha qilib o‘tirardim. Uylarning yuqori qavatlari botayotgan quyoshning sarg‘ish nurida cho‘milar, pastki qavatlar esa ko‘kimtir qorongilik qa’riga g‘arq bo‘lmoqda edi. Uzoqdan Neva daryosi va Admiralteystvo qubbasi yarqirab ko‘rinardi. Oqshom nihoyatda so‘lim edi, faqat kuy yetishmasdi, xolos. Radiopriyomnigim buzilib qolgan edi. Qo‘shni xonadan taralayotgan mayin bir kuy devorlarga urilib, qulogimga elas-elas eshitilardi. Shu tobda qo‘shnilarimga havasim kelib ketdi va nihoyat, qo‘shnim Antonina Ivanovna radiopriyomnigimni osongyna tuzatib berishi mumkin-ku, degan fikrga keldim. Men u qiz bilan yaxshi tanish emasdim, lekin fizika-texnika institutida assistent bo‘lib ishlashiyi bilardim. Har gal zinada uchrashib qolganimizda bir birimizga muloyimgina ta’zim qilib o‘tardik. Shuning o‘zi unga yordam so‘rab murojaat qilishimga to‘la huquq beradiganday tuyuldi nazarimda.
Hayal o‘tmay qo‘shnim eshigidagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdim.
Eshikni Antonina Ivanovna ochdi. U yigirma besh yoshlardagi suluv qiz edi. Uning katta-katta quvnoq qo‘yko‘zlari kishiga andak istehzo bilan takabburona boqar, qirra burni esa chehrasiga qandaydir jo‘shqinlik ifodasini bahsh etardi. Egnidagi jo‘ngina tikilgan qora movut ko‘ylagi qomatini quchib turardi.
Negadir birdan dovdirab qoldim va shosha-pisha, uzuq-yuluq qilib kelishimning sababini tushuntirdim.
