
— Bu zamonda radiotexnikani bilmaslik uyat, — deb gapimni bo‘ldi u hazil aralash.
— Men biologman, — dedim o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib.
— Lekin hozir maktab bolalari ham biladi radiotexnikani.
U shunday deya tekis tishlarini yarqiratib kularkan, ta’nasini yumshatganday, oradagi noqulaylik sal ko‘tiralganday bo‘ldi.
— Yuring, ichkariga kiraylik, choyimni ichib bo‘lib, priyomnigingizni davolagani boraman.
Men bajonu dil ergashdim.
Keng oshxonadagi dumaloq stol yonida semiz, ikki yuzi qipqizil, ochlari oppok ayol — Antonina Ivanovnaning onasi o‘tirardi. U men bilan quruqqina ko‘rishib choyga taklif qildi.
Men rad etdim. Antonina Ivanovna choiini ichib bo‘lgach, biznikiga chiqdik.
U priyomnikni g‘oyatda chaqqonlik bilan qismlarga ajratdi. Men uning uzun, harakatchan barmoqlariga havas bilan tikilardim. Biz ko‘p gaplasholmadik. Qiz apparatni birpasda tuzatib, chiqib ketdi.
Bir necha kungacha faqat u haqda o‘ylab yurdim, yana kirmoqchi bo‘lardimu, biroq hech bahona topolmasdim. Nihoyat, aytishga ham uyaladi kishi, priyomnigimni atayin buzib qo‘ydim… Keyin uning oldiga kirdim.
Qiz priyomnikni ko‘zdan kechirib chiqdi-yu, menga masxaraomuz qarab qo‘ydi-da:
— Priyomnigingizni tuzatmayman, — dedi.
Mening lavlagim chiqib ketdi.
Ammo ertasi kuni yana kirdim — bu gal priyomnigim juda yaxshi ishlayotganini aytish uchun kirdim. Shunday qilib, Tonyani ko‘rib turish, — men uni o‘zimcha shunday deb atardim, — men uchun hayotiy ehtiyojga aylanib qoldi.
Qiz men bilan do‘stona munosabatda bo‘lardi, lekin men uning nazarida kabinetda o‘tirib qolgan olim, tor doiradagi mutaxassis, raditexnikadan bexabar, xarakteri bo‘sh, tabiati o‘z laboratoriyasi yoki kabinetiga mukka tushib olgan chollarnikiga o‘xshagan bir kishi edim. Har uchrashganimizda u talay ko‘ngilsiz gaplarni uyib tashlar va xarakterimni o‘zgartirishni maslahat berardi.
