
— Mehmonxonadagi havo kompressor orqali sun’iy ravishda quyuqlashtirilgan, — javob berdi Tonya, — tog‘ havosini hamma ham ko‘tara olmaydi. Ba’zklar butunlay ko‘chaga chiqishmaydi, ular bilan xonada konsultatsiya ochib boriladi.
— Afsus, bu imtiyoz qorasoqolli kishilarni qidiruvchi mutaxassislarga berilmas ekan-da! — deb kesatdim hazil aralash.
Biz toza, yaxshi yoritilgan shahar ko‘chalari bo‘ylab yurib borardik. Dunyodagi eng tekis va eng mustahkam tosh ko‘cha shu yerda — boshdan-oyoq tabiat silliqlagan va tabiat pardozlagan granitdan qurilgan.
Qarshimizdan qorasoqolli kishilar tez-tez chiqib turardi: aftidan, aholi orasida janubliklar ko‘pga o‘xshaydi.
Tonya har qadamda yengimdan tortar va:
— Shu emasmi? — deb so‘rardi.
Men g‘amgin bosh chayqardim. Shunday qilib, ko‘l bo‘yiga borib qolganimizni ham sezmabmiz.
Birdan sirenaning chinqirig‘i eshitildi. Sado atrofga taralib, cho‘chib uyg‘ongan tog‘lardan hazin aks sado qaytdi. Havoda qandaydir yurakni muzlatadigan ohang suzardi.
Sohil bo‘ylab ravshan chiroqlar yondiyu ko‘l yarqirab, xuddi olmos gardishli ko‘zguga o‘xshab qoldi. Chiroqlar ketidan o‘nlab qudratli projektorlar o‘zlarining moviy nurlarini musaffo osmonga qadashdi. Sirenaning Ovozi o‘chdi. Tog‘dagi aks sado ham tindi. Ammo shahar oyoqqa turgan edi.
Ko‘lda sohil bo‘ylab tezyurar kater va gliyerlar suzib yurardi. Odamlar to‘dasi ko‘l tomon oqib kela boshladi.
— Qayoqqa qarayapsiz? — deb qoldi birdan Tonya.
Bu ovoz menga yana o‘zimning dardisar vazifamni eslatdi. Men ko‘l va chiroqlarga shartta orqamni o‘girib, to‘da orasidan soqolli kishilarni qidira boshladim.
Bir payt qorasoqolli noganish kishini ko‘rganday bo‘ldik. Endi Tonyaga aytmoqchi bo‘lib turuvdim, uning o‘zi xitob qilib qoldi:
— Qarang, qarang! — dedi u osmonga ishora qilib.
Biz yerga yaqinlashib kelayotgan oltin yulduzni ko‘rdik. Olomon jim bo‘lib qoldi. Shu on olisdan gulduragan ovoz eshitildi. Beg‘ubor osmonda momaqaldiroq ovozi! Bu guldurosga tog‘lar bo‘g‘iq aks sado bilan javob berdilar. Daqiqa sayin shovqin kuchayib, yulduzcha kattalkshib borardi. Uning orqasida quyuq tutun ko‘rina boshladi va ko‘p o‘tmay yulduzcha qanotli sigara tusiga kirdi. Bu faqat qit’alararo uchadigan kema bo‘lishi mumkin. Olomon orasidan xitoblar eshitildi.
