
Mening izzat-nafsim haqoratlangan edi. Qaytib unikiga kirmaslikka qaror qildim, lekin, albatta, buning uddasidan chiqolmadim. Buning ustiga, o‘zim ham sezmay xarakterimni o‘zgartira boshladim: ko‘proq sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan bo‘ldim, chang‘i, velosiped va hatto radiotexnikaga oid kitoblar sotib oldim.
Bir kuni Leningrad ko‘chalarida sayr qilib yurib, Yigirma Beshinchi Oktabr ko‘chasi bilan Uchinchi Iyul ko‘chasining muyulishida timqora soqolli yoshgina bir kishini ko‘rib qoldim.
U menga diqqat bilan bir oz tikilib turdi-da, keyin istiqbolimga shaxdam yurib kela boshladi.
— Kechirasiz, siz Artemyev emasmisiz?
— Shunday, — javob berdim men.
— Siz Nina… Antonina Gerasimovani taniysizmi? Men yeizni bir kuni u bilan ko‘rgan edim. Men unga Yevgeniy Paley haqida ba’zi narsalarni aytmoqchi edim.
Shu payt notanish kishining oldiga avtomobil kelib to‘xtadi.
— Tezroq! Tezroq bo‘ling! Kechikamiz! — deb qistadi shofyor.
Qorasaqol mashinaga sakrab chiqib oldi.
— Aytib qo‘ying — Pomir, Kets… — deb qichqirdi u mashina gizillab borarkan.
Avtomobil tezda g‘oyib bo‘ldi.
Uyga bir alfozda qaytdim. Bu odam kim? Familiyamni qayoqdan biladi? Meni Tonya bilan yoki u aytgancha Nina bilan, qayerda ko‘rgan ekan? Hamma tanishlarimni bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tkazib chiqdim… Bunday qirraburun va qop-qora cho‘qqisoqol albatta esda qolishi kerak. Yo‘q, men bu odamni ilgari uchratmaganman… U tilga olgan Maley-chi? U kim bo‘ldi?
Tonyaning oldiga kirib, bu g‘alati uchrashuv haqida gapirib berdim. Hamisha ogir vazmin bu qiz birdan hayajonlanib ketdi. Paleynpng nomini eshitib hatto qichqirib yubordi. Uchrashuvni butun tafsilotlari bilan qaytadan gapirib berishga majbur qildi, keyin nega u odam bilan birga mashinaga o‘tirib, hamma gapni so‘rab olmadingiz, deb koyishga tushdi.
— Tavba, juda qo‘ymijoz odamsiz-da! — dedi u so‘zini tugatib.
