— Bugun kechga yaqin ko‘ngandir-da? — tinib-tinchimayotgandi er.

— Ha, ha, shunaqa bo‘lsa kerak. Lekin bu faqat tush edi, xolos.

— Bo‘pti. — Er jahl bilan uning qo‘lini siltadi. — Yaxshiyamki aldamaysan, tushingda aytgan hamma gaplaringni eshitdim. Har bir so‘zigacha, vodiyni ham, vaqtni ham o‘zing aytding.

Og‘ir-og‘ir nafas olgancha er chaqmoqdan ko‘zi qamashgandek ustunlar oralab yurib ketdi. Asta-sekin uning nafas olishi ravonlashdi. Ayol eridan ko‘z uzmas edi — ishqilib jinni-pinni bo‘lib qolmadimikan? Oxiri ayol o‘rnidan turdi-da, uning oldiga bordi.

— Ill, — shivirladi ayol.

— Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q…

— Sen kasalsan.

— Yo‘q, — er horg‘in, zo‘r-bazo‘r jilmaydi. — Bolalikdan boshqa hech narsa emas. Meni kechir, azizam. — U ayolni qo‘polgina silab qo‘ydi. — O’zimdan o‘tdi, kechir. Bo‘pti, men borib yotay…

— Juda o‘zingni urintirib qo‘yding.

— Endi hammasi joyida. O’tib ketdi. — Er uh tortib qo‘ydi. — Kel, bularni unutaylik. Ha, men kecha Uell haqida bir latifa eshitgandim. Shuni senga aytib bermoqchi edim. Sen nonushta tayyorlayver, men senga latifani aytib beraman, mana bu haqda esa boshqa gaplashmaymiz.

— Bu bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.

— Bo‘lmasa-chi. — Er beixtiyor uning yuzidan o‘pdi. — Bor-yo‘g‘i tush edi, xolos.

Tushga kelib oftob battar kuydira boshladi, tog‘lar bamisoli uning hovurida suzmoqda edi.

— Shaharga bormaysanmi? — so‘radi Illa.

— Shaharga? — er qoshini xiyol ko‘tardi.

— Sen har doim shu kuni ketasan, — ayol taglik ustidagi gullarni to‘g‘riladi. Gullar harakatga kelib, katta-katta sariq og‘izlarini ochdi.

Er kitobni yopdi.

— Yo‘q, haddan tashqari issiq. Buning ustiga, kech bo‘ldi.

— Shunaqa de, — ayol ishni tugatdi-da, eshik tomonga bordi, — men darrov qaytaman.

— To‘xta, qayoqqa?

Ayol eshikka yetib bo‘lgan edi.



11 из 232