Mister K. qo‘li bilan ustunni turtdi. Hovur qoplagan iliq suv jilg‘alari xonadagi sovuqni haydab chiqarmoqda edi. Mister K.ning chehrasi ma’nosiz edi.

— Keyin esa, — davom etdi ayol, — Nataniel York ismli bu g‘alati erkak, siz go‘zalsiz dedi va meni o‘pib oldi.

— Xah! — qichqirdi er va orqaga o‘girildi.

— Bu bor-yo‘g‘i tush-ku, — dedi ayol o‘zicha xursand bo‘lib.

— Ahmoqona ayolcha tushlarni so‘zlashni qachon bas qilasan?

— Xuddi bolaga o‘xshaysan-a! — U so‘nggi bir parcha kimyoviy tumanga o‘zini tashladi. Zum o‘tmay ayol asta kulib qo‘ydi.

— Men yana nimanidir eslay boshladim, — Iqror bo‘ldi ayol.


— Xo‘sh, xo‘sh, nima ekan? — qichqirdi er.

— Ill, shunaqangi injiqsanki…

— Bo‘l, gapir, — talab qildi er. — Sen mendan hech narsani sir tutishing mumkin emas.

Er ayolning boshi uzra o‘zining sovuq, tund chehrasi bilan unga qarab turardi.

— Men seni hech qachon bunday holda ko‘rmagandim, — javob berdi Illa, uni ham qo‘rqinch, ham zavq tuyg‘usi qamrab olgandi. — Hech bunaqasi bo‘lmagandi, o‘sha Nataniel York aytdiki… Xullas, u menga aytdiki, meni o‘zining sayyorasiga olib borar ekan. Albatta, bu bo‘lmagan gap.

— Hamma gap shunda-da, bo‘lmagan gap. — Deyarli ovozi boricha qichqirib dedi er. — O’zingni sal naridan turib bir eshitib ko‘rganingda edi: u bilan birga o‘ynaganingni, u bilan gaplashganingni, u bilan qo‘shiq aytganingni, tun bo‘yi shunday qilganingni, ey xudoyim, bir o‘zingga razm solib qaraganingda bormi?

— Ill!

— U qachon qo‘nadi? La’nati kemasida qachon pastga tushib keladi?

— Ill, ovozingni ko‘tarmasang-chi.

— Padariga la’nat bu ovozning! — er g‘azab ichida ayol uzra engashdi. — Manovi sening tushingda… — u ayolning panjasini siqdi. — Kema yashil vodiyga qo‘ngandir-a? Javob ber!

— Ha, vodiyga…



10 из 232