— Menga xuddi qichqirgandek bo‘lib tuyulding.

— Rostdanmi? Men mizg‘ib tush ko‘rayotgan edim.

— Kunduziya? Senda ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi-ku.

Ayolning ko‘zlaridan uning o‘zi ham tush ko‘rganidan taajjublangani shundoq ko‘rinib turardi.

— Qiziq, judayam qiziq, — g‘udrandi ayol. — Bu tush…

— Xo‘sh? — eri kitobga qaytib borishga toqatsizlanayotgan edi.

— Tushimga bir erkak kiribdiki…

— Erkak?

— Baland bir erkak. Bo‘yi olti fut bir dyuym1 keladi.

— Bu qanaqasi: butun boshli bir dev, alvasti-ku!

— Nimagadir, — ayol dona-dona qilib so‘zlay boshladi, — u alvastiga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, bo‘yi juda baland edi. Uning — eh, bilaman, bu gaplar senga alahsirashga o‘xshaydi — uning ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi!

— Ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi, — takrorladi mister K. — Ey xudoyim, keyingi gal qanaqa tush ko‘rar ekansan-a?! Hali qop-qora sochli odam ham ko‘rdim dersan.

— Buni qanday bilding? — dedi ayol.

— Shunchaki to‘g‘ri kelgan rangni aytdim-qo‘ydim-da, — quruqqina javob berdi er.

— Ha, sochlari qop-qora! — qichqirib dedi ayol. — Badani esa oppoq. Judayam g‘alati odam!

Egnidagi kiyimlari ham g‘alati, u osmondan inib tushdi-da, men bilan muloyim gaplasha ketdi.

Ayol jilmaydi.

— Osmondan emish. Shu ham gap bo‘ldi-yu.

— U quyoshda charaqlab turgan ma’dan mashinada uchib keldi, — eslay boshladi missis K. U ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirish uchun ko‘zlarini yumdi. — Tushimga osmon kirdi. Shunda bir narsa yalt etdi. Xuddi havoga otilgan tangadek. Keyin u kattalasha boshladi. Kattalashib-kattalashib yerga ravon tushib keldi, — bu uzun kumushrang dumaloq kema, begona kema edi. So‘ng biqindagi eshik ochildi-da, undan baland bo‘yli bir erkak chiqib keldi.

— Ko‘proq ishlaganingda bunday ahmoqona tushlar ko‘rmas eding.

— Menga esa bu juda yoqdi, — javob berdi ayol o‘rindiqqa o‘zini tashlab. — Shunday narsalarni tasavvur qilaman deb hech xayolimga kelmagandi. Qop-qora sochlar, ko‘m-ko‘k ko‘zlar, oppoq badan!



4 из 232