Qanday ajoyib erkak, buning ustiga, juda chiroyli ham.

— Senga shunaqa tuyulgan.

— Voy ichi qora-ey. Men shunday bo‘lishini xohlaganmidim, pinakka ketganimda u o‘zi paydo bo‘lib qoldi. Hatto bu tushga ham o‘xshamaydi. Birdan kutilmaganda, g‘ayri oddiy bir tarzda… U menga qaradi-da: shunday dedi: “Men bu kemada uchinchi sayyoradan uchib keldim. Mening ismim Nataniel Yor…”

— Bema’ni ism, — e’tiroz bildirdi eri. — Bunaqa bo‘lishi mumkin emas.


— Albatta, bema’ni-da, axir bu tush edi-ku, — itoatkorona qo‘shildi ayol. — U yana: «Bu koinot orqali birinchi parvozimiz. Kemada biz ikki kishi edik, men va do‘stim Berg», — dedi.

— Bunisi undan ham bema’niroq ism ekan.

— U shunday dedi: «Biz yerdagi shahardan keldik, sayyoramizning nomi shunaqa», — davom etdi missis K. — Bu uning so‘zlari. Ha, shunday dedi — Yer. Keyin u bizning tilimizda gapirmadi. Lekin men bir amallab uni tushundim. Zehnim-da. Bu telepatiya, albatta.

Mister K. orqasiga o‘girilib, keta boshladi. Biroq xotinining ovozidan u yana to‘xtadi.

— Ill! — asta chaqirdi ayol. — Sen hech uchinchi sayyorada odam bor-yo‘qligi haqida o‘ylab ko‘rganmisan?

— Uchinchi sayyorada hayot bo‘lishi mumkin emas. — Bosiqlik bilan tushuntira boshladi eri. — Olimlarimiz shuni aniqlaganlarki, u yerda havoda kislorod haddan tashqari ko‘p. U yerda odamlar yashaganida qanday zo‘r bo‘lar edi-ya! Qanaqadir g‘alati kemalarda koinotda sayohat qila olishganda nur ustiga nur bo‘lardi.

— Menga qara, Ill, o‘zing yaxshi bilasan, men bunaqa safsatalarni jinimdan yomon ko‘raman.

Undan ko‘ra ishdan gapir.

Ayol yomg‘ir tomchilib turgan ustunlar oralig‘ida odimlab yurganida kech kirib qolgan edi. O’sha-o‘sha kuy, o‘sha-o‘sha ohang.



5 из 232