— Shu ham qo‘shiq bo‘ldi-yu. — Chidayolmay to‘ng‘illadi eri, olov stolga borar ekan.

— Bilmadim.

Ayol beixtiyor go‘sht bo‘laklarini qaynab turgan olovga tashladi.

— Bilmayman. — Ikkinchi lahzada go‘sht pishib tayyor bo‘lgan edi. Ayol uni olov ichidan oldi-da, likopchaga solib eriga tutdi. — Eh, balki bu ko‘nglimga o‘z-o‘zidan kelib qolgan safsatadan boshqa hech narsa emasdir, nimagaligini o‘zim ham bilmayman.

Eri boshqa hech nima demadi. Xotinining go‘shtni vishillab turgan olov halqobi ichiga qanday tashlayotganini tomosha qilib turardi. Quyosh ufq ortiga yashirindi.

Xonaga asta-sekin tun kirib kela boshladi, u ustun va er-xotinni yamlagancha o‘zining tundek qora sharobi bilan xona shiftigacha limmo-lim to‘ldi. Faqat kumushrang olov ularning yuzlarini g‘ira-shira yoritib turardi.

Ayol yana g‘alati qo‘shiqni kuylay boshladi.

Er o‘rnidan sapchib turdi-da, g‘azab bilan eshik tomon yo‘naldi.

Bir ozdan so‘ng er kechlik ovqatni o‘zi tanovul qildi.

Stoldan turdi-da, kerishdi, xotiniga qaradi va esnab turib taklif kiritdi:

— Olov qushlarga minib shaharda bir chigilyozdi qilib kelmaymizmi?

— Jiddiy aytayapsanmi? — so‘radi xotin, — isitmang yo‘qmi?

— Buning nimasiga ajablanasan?

— Axir biz yarim yildan beri hech qayoqqa borganimiz yo‘q-ku?

— Bu ham chakki fikr emas.

O’zidan hayron bo‘lganicha ayol eriga qaradi. Ensasi qotib, qo‘lini og‘ziga olib bordi. Quyosh botmoqda edi. Atrofni qorong‘ilik qoplagan sayin xuddi ulkan gul kabi uy yopilib borar edi. Ustunlar oralig‘ida shabada esdi, olov stolda bir mittigina kumushrang olov ko‘lchasi qaynar edi. Shamol missis K.ning qizg‘ish sochlarini taragancha, uning qulog‘iga nimalaridir shivirlar edi. Oltinrang xira nigohini ufqqa, dengizning oqish-sarg‘ish yuziga tikkancha u jimgina turar edi. Shunda xotirasida qandaydir qo‘shiq satrlari jonlandi:



6 из 232