Lekin hamma gapdan voqif bo‘ladigan kishilar, Soloxa hammadan ko‘ra Chubga ko‘proq iltifot qilganini darrov fahmlar edilar. Chub beva edi, uyining oldida doim sakkiz g‘aram bug‘doy turar edi. Novdadan to‘qib to‘silgan og‘ilxonada turgan ikki juft ho‘kizi sigirni yoki semiz buqani ko‘rib qolsa, boshini chiqazib, mo‘-o‘-lab qo‘yar edi. Soqolli echkisi tomga chiqib olib, hovlidagi kurkalarni masxara qilganday, shahar boshlig‘iga o‘xshab ma’rar, ammo uning achchig‘ini chiqazib, soqoliga tegadigan shum bolalarni ko‘rsa, orqasini o‘girib olar edi. Chubning sandig‘ida bisoti, chopon-u, zar uqa qadalgan kamzillari, ipakli matolari ko‘p, chunki uning marhuma xotini satang boyvuchcha edi. Ko‘knor, karam, kunga boqardan tashqari, har yili ikki paykal yerga tamaki ham ekardi. Soloxa bu davlatnkng barisini o‘zimnikiga qo‘shib olsam yomon bo‘lmas, degan niyatda edi va bularni o‘ziniki qilib olgach, nimalar qilishini mo‘ljallab ham qo‘yganidan, qari Chubga ko‘proq iltifot ko‘rsatar edi. Ug‘li Vakula Chubning qizini o‘ziga og‘dirib olib, bor-yo‘q davlatni egallab, uni biylatmay qo‘ymasligi uchun qirq yashar xotinlarning hammasi bilgan makrga qo‘l urdi, ya’ni Chub bilan temirchini ko‘proq urishtirib qo‘yishga harakat qildi. Uning shu g‘alamis, ayyorligi tufayli bo‘lsa kerak, ba’zida kampirlar, xususan bironta ziyofatga yig‘ilishganda va me’yoridan ortiqroq ichib qo‘yganlarida u haqda gapirib, uni yalmog‘izga chiqazib qo‘yar edilar. Xotinlar uning ip yigiradigan dukchadek dumi bormish, o‘spirin Kizyakolupenko uning bu dumini ko‘rganmish, o‘tgan payshanba ko‘chada birovning oldidan qora mushuk bo‘lib o‘tib ketganmish, bir kun popning xotini oldiga bir cho‘chqa kelib, xo‘roz bo‘lib qichqirganmish-da, Kondrat otaning shapkasini kiyib qochib ketganmish, derdilar.

Bir kuni kampirlar shu haqda gaplashib o‘tirganlarida podachi Timish Korostyaviy kelib qolib, bir kun yozda xuddi Petrovka bayrami oldidan boshiga poxol qo‘yib og‘ilxonada uxlab yotganida, ko‘ylakchan, sochini yoygan yalmog‘iz kelib sigir sog‘ib turganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini, yalmog‘iz avrab qo‘ygani uchun qimirlamay qolganini, yalmog‘iz sigirlarni sog‘ib bo‘lgach uning labiga bir palid narsa surkab ketganini va jirkanib kuni bilan tupurib yurganini so‘zlab berdi.



11 из 46