
Aleksandr Grin
Yashil chiroq
(hikoya)
I
Londonda 1920-yili qish payti Pikadelli ko‘chasini kesib o‘tgan bir chorrahada yaxshi kiyingan o‘rta yoshli ikki kishi bir zum to‘xtashdi. Ular hozirgina qimmatbaho bir restorandan chiqqan edilar. U yerda ikkovlari kechki ovqatdan so‘ng sharobxo‘rlik qilishgan, Dryurilen teatrining artistkalari bilan hazillashib valaqlashgandilar.
Endi yerda harakatsiz yotgan, tepasiga odamlar yig‘ila boshlagan eski kiyimli yigirma besh yoshlardagi yigit ularning e’tiborini tortdi.
— Stilton! — Semiz jentelmen o‘zining baland bo‘yli oshnasi yerda yotgan odamga sinchiklab qarayotganini ko‘rib, jirkanish bilan uning yengidan tortqiladi. — Rostini aytsam, shu o‘laksa odam shuncha o‘ralashishga arzimaydi. U mast yoki o‘lgan.
— Men ochman… ham tirikman, — g‘o‘ldiradi u bechora badbaxt va nimanidir o‘ylab qolgan Stiltonga ko‘z tashlamoqchi bo‘lib sal o‘rnidan ko‘tarildi. — Hushdan ketib, yiqilibman, shekilli.
— Reymar! — dedi Stilton. — Rosa hazilbop voqea bu. Menda bir qiziq fikr tug‘ildi. Bir xil ermaklar jonimga tegdi. Faqat bir yo‘l: odamlarni o‘yinchoq qiladigan hazil — eng yaxshi hazil.
Bu so‘zlar shu qadar sekin aytildiki, hozirgina yerda yotgan, endi esa panjaraga suyanib turgan odam bularni eshitmadi.
Hamma narsaga loqayd qaraydigan Reymar ensasi qotib, yelkalarini qisdi, Stilton bilan xayrlashib, tunni o‘tkazish uchun o‘rgangan klubiga qarab yo‘l oldi. Stilton esa odamlarning tahsini ostida va polismenning yordami bilan holsiz odamni keb (bitta derazali usti yopiq arava)ga o‘tqazdi.
Fayton Gay ko‘chasidagi karvonsaroyli restoranga qarab ketdi. Daydining oti Jon Iv ekan. Irlandiyadan Londonga xizmatmi, ishmi izlab kelibdi. Iv yetimlikda bir o‘rmonchining xonadonida tarbiyalanibdi. Boshlang‘ich maktabdan keyin hech qanday ma’lumot olmabdi.
