
40 yoshli Stilton shu paytgacha qo‘noq va ovqat tashvishini bilmaydigan, pulga nima qilish mumkin bo‘lsa, o‘shaning hammasini qilib yurgan bo‘ydoq kishi edi. U 20 million funtlik mol-mulk egasi edi. Uning Iv uchun o‘ylab topgan maynavozchilik hazili juda arzimagan bir ish edi, ammo Stilton o‘z ixtirosi bilan g‘ururlanar— di, chunki o‘zini juda katta tasavvur qobiliyatiga ega va mug‘ombirona o‘y-xayollar ustasi deb bilishni yoqtirardi.
Iv ozroq musallas ichib, ishtaha bilan ul-bul yeb olgach, Stilton xayolida o‘zi to‘qigan tarixni gapirib berdi.
— Sizga bir taklifim bor, aytsam, shu ondayoq ko‘zingiz chaqnab ketadi. Diqqat bilan eshiting: men sizga o‘n funt beraman, shart shuki, siz ertagayoq markaziy ko‘chalarning biridan bir xonani ijaraga olasiz. Derazasi ko‘chaga qaragan, o‘zi ikkinchi qavatda bo‘lsin.
Har kuni kechqurun roppa-rosa soat beshdan kechasi o‘n ikkigacha har doim bitta deraza tokchasida yashil qalpoqli chiroq yoqilgan bo‘lishi kerak. Chiroq belgilangan muddatda yonib turarkan, siz soat beshdan o‘n ikkigacha uydan chiqmaysiz, hech kimni uyga kiritmaysiz, hech kim bilan gaplashmaysiz. Bir so‘z bilan aytganda, qiyinmas. Agar rozi bo‘lsangiz, men sizga har oyda o‘n funtdan yuborib turaman. Sizga kimligimni aytmayman.
