Iv dahshatli darajada hayratga tushdi.

— Agar hazillashmayotgan bo‘lsangiz, — deb javob berdi u, — hatto men o‘z nomimni unutishga ham tayyorman. Ammo, mumkin bo‘lsa, ayting-chi, mening bunday tinch hayotim qancha davom etadi?

— Bunisi noma’lum. Ehtimol, bir yil, balki, umr bo‘yi davom etar.

— Yanayam yaxshi. Ammo so‘raganim uchun aybga qo‘shmang — bu yashil illyuminatsiya (charog‘bonlik) sizga nima uchun zarur bo‘lib qoldi?

— Sir! — deb javob berdi Stilton. — Buyuk sir! Chiroq siz hech qachon tushunib yetmaydigan odamlar va ishlar uchun ishora bo‘lib xizmat qiladi.

— Tushundim. To‘g‘rirog‘i, hech narsaga tushunmadim. Yaxshi: pulni cho‘zing va bilib qo‘ying: ertagayoq men ma’lum qilgan manzilda Jon Iv chiroq bilan derazani yoritib qo‘yadi!

Shu tariqa g‘alati bitim tuzildi, so‘ngra daydi bilan millioner bir-birlaridan mamnun holda xayrlashdilar.

Xayrlashayotganda Stilton shunday dedi:

— Yo‘qlab olinadigan xatga mana bunday: «3-33-6» deb yozing. Yana bir narsani yodingizda tuting, balki bir oydan keyin, balki bir yildan keyin, qachonligi noma’lum, qisqasi, hech kutilmaganda sizni ziyorat qilgani odamlar kelishadi va sizni boy qilib yuborishadi. Bu nima uchun va qanday bo‘lishini sizga izohlashga haqqim yo‘q. Ammo bu voqea, albatta, sodir bo‘ladi…

Iv Stiltonni olib ketayotgan faytonga qarab:

— Jin ursin, — deb ming‘illab qo‘ydi va xayolga botgancha qo‘lidagi o‘n funtlik pulni aylantirib ko‘rdi. — Yo bu odam aqldan ozdi, yoki men o‘ta baxtli odamlardanman! Bor-yo‘g‘i kuniga yarim litr kerosin yoqib bitkazishim uchun shuncha marhamat ato qilsa-ya!

Ertasiga River ko‘chasidagi 52-uyning ikkinchi qavatidagi bir deraza mayingina yashil yog‘du tarata boshladi. Chiroq derazaning kesakisiga taqab qo‘yilgandi.

Qarshidagi uyning yo‘lkasida ikki yo‘lovchi birmuncha vaqt yashil derazaga qarab turishdi, keyin Stilton shunday dedi:



3 из 6