Lo’li kampir uzoq jim qoldi, keyin yana Santyagoning qo’llaridan ushladi va kaftiga sinchiklab diqqat bilan qaradi.

— Hozircha men sendan haq olmayman, — dedi kampir nihoyat. — Biroq agar xazinani topsang, o’ndan biri meniki.

Bo’zbola sevinganidan kulib yubordi, tushiga kirgan xazina uning folbinga beradigan arzimas chaqalarini asrab qoldi. Bu kampir chindan ham lo’li: lo’lilarning bir qaynovi ichida, deyishadi.

— Bo’laqol, tushimning ta’birini ayt, — so’radi u.

— Oldin qasam ich. Xazinaning o’ndan birini menga beraman, deb qasam ich, keyin ta’birini aytaman.

Qasam ichishiga to’g’ri keldi. Biroq kampir Muqaddas Masih yuragi tasviriga qarab qasamni takrorlashini talab qildi.

— Bu tush Umum Tilida, — dedi kampir. — Men uni ta’birlashga harakat qilaman, garchi bu juda qiyin bo’lsa-da. Ana shu mehnatim uchun men sendan xazinaning o’ndan birini so’rayapman. Eshit: sen Misrga borishing va o’zigning ehromingni topishing kerak. Men o’zim bu narsani eshitmaganman, biroq go’dak senga ularni ko’rsatibdimi, demak, haqiqatan bu bor narsalar. Ana endi jo’na — u yoqda sen o’zingning xazinangni topasan, boyib ketasan.

Santyago avvaliga hayron qoldi, keyin afsuslandi. Shu bo’lmag’ur gap uchun kampirni qidirib o’tirish shartmidi. Yaxshiyam, undan pul olmadi.

— Seni deb vaqtim bekor ketdi, — dedi u.

— Men ogohlantirdim: sening tushingni ta’birlash qiyin. G’aroyib ko’ringan narsa, sirtdan oddiyday tuyulsa-da, biroq uning mag’zini chaqishga faqat donolar qodir. Men dono bo’lmaganim uchun ham boshqa hunarni, masalan, kaftga qarab fol ochishni o’rgandim.

— Qanday qilsam Misrga bora olaman?

— Bu mening bosh og’rig’im emas. Men faqat tushni ta’birlay olaman, uni chinga aylantirish mening ishimmas. Aks holda shunday qashshoq yasharmidim, tuqqan qizlarimdan sadaqa so’rab.



11 из 116