
— Agar Misrga bora olmasam-chi?
— Borolmasang — ko’rgan folim uchun sen beradigan haqdan quruq qolaman. Bu birinchi marta bo’layotgani yo’q. Endi jo’na, sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.
Santyago lo’li kampirnikidan butkul hafsalasi pir bo’lib chiqdi va minbad tushlarga ishonmaslikka qaror qildi. Shu payt, ishlarga kirishish kerakligi xayoliga keldi: do’konga yo’l oldi, yegani ul-bul xarid qildi, kitobini qalinrog’iga almashtirdi, yangi vinoni tatib ko’rmoqchi bo’lib, maydondagi o’rindiqqa o’tirdi. Kun juda issiq edi, vino sehrli tarzda bo’zbolaning hovurini bosdi.
U qo’ylarini shahar chetida, yaqinda tanishgan do’stining molxonasi yonida qoldirdi. Viloyatning hamma joyida Santyagoning jo’ralari bor edi — shuning uchun ham u yurt kezib yurishni yaxshi ko’rardi. El oralasang yangi do’st orttirasan — u bilan har kuni ko’rishib turish hecham shart emas. Atrofingda doim bir xil odamlar bo’lsa — xuddi diniy maktabda o’qib yurgan paytdagiday — o’z-o’zidan ular sening hayotingga aralasha boshlaydi. Hayotingga aralashib turib, biroz vaqt o’tgach, uni o’zgartirgilari kelib qoladi. Agar sen ular xohlaganday bo’la olmasang — arazlashadi. Har kim o’zicha bu dunyoda aynan qanday yashash kerakligini aniq biladi.
Biroq hech kim o’zining shaxsiy hayotini negadir yo’lga sola olmaydi. Bu xuddi lo’li kampirning amaliga o’xshaydi, u tushlarni ta’birlaydi, lekin rostga aylantirishga qurbi yetmaydi.
Santyago quyoshning botishini kutishga qaror qildi, shundan so’ng qo’ylarni yaylovga haydasa bo’ladi. Movutchining qizi bilan uchrashishga hali uch kun bor. Hozir esa shu yerlik ruhoniydan almashtirib olgan kitobni o’qishga kirishdi. Kitob qalin edi, birinchi betida kimningdir dafn marosimi tasvirlangan va boz ustiga qahramonlarning ismlari shunaqa g’alatiki, ovoz chiqarib aytsang tiling qoqilib ketadi. “Agar bir kun kelib men kitob yozadigan bo’lsam, — o’yladi bo’zbola, — kitobimning har bir betida yangi qahramon bo’ladi, kitobxonlar kimning ismi qanaqaligini eslab ovora bo’lib o’tirmaydi”.
