
Bo’zbola toshlarni to’rvasiga bekitdi. Endi, bundan keyin biror qaror qabul qilguday bo’lsa faqat o’ziga tayanadi, xolos.
— Unutma, dunyodagi hamma narsa bir butun, yaxlit. Alomatlar tilini yodingdan chiqarma. Va, eng muhimi, shuni yodingdan chiqarmaginki,sen oxirigacha o’z Taqdiring yo’lidan ketishing kerak. Endi men senga muxtasar bir rivoyatni aytib beraman.
Bir savdogar o’g’lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mash-hur donishmand huzuriga yuboribdi. O’g’lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog’ tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko’ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan Donishmand yasharkan.
Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o’xshamas, aksincha, odam bilan to’la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko’rsatib u yoq bu yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo’’jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o’rtasida, bu o’lkada topsa bo’ladigan jamiki noz-ne’matlarga to’la to’kin dasturxon tortilgan.
Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko’rishib-so’rashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to’g’ri keladi.
Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko’zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o’tirishga vaqti yo’qligini aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi.
“Darvoqe,sendan yana bir so’rovim bor, — deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choyqoshiqni uzatib. — Bu qoshiqchani olgin, qara, tag’in moy to’kilmasin”.
Yigitcha, ko’zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so’ng yana Donishmand qoshida hozir bo’ladi.
