— Nega bunday bo’ladi?

— Chunki hayot sening o’z Taqdiring yo’lidan borishingni xohlaydi va omadlarni yor etib, ishtahangni ochadi.

Shundan so’ng qariya qo’ylarni kuzata boshladi va bittasi oqsoqlanayotganini aytdi. Bo’zbola buning ahamiyati yo’qligini, suruvdagi eng aqlli, boz ustiga, eng ko’p jun beradigan shu qo’y, deya tushuntirdi.

— Xo’sh, endi, xazinani qaerdan izlash kerak? — so’radi u.

— Misrdan, ehromning yonidan.

Santyago esankiradi. Lo’li kampir ham xuddi shu gapni aytgandi, faqat buning uchun undan hech nima olmadi.

— Tangri har bir odamning bu dunyodagi yo’lini belgilab qo’yadi, sen u yoqqa ana shu belgilar orqali yo’l topasan. Faqat sen belgilarni — nimalar yozib qo’yilganini o’qiy bilsang bas.

Santyago javob qilib ulgurmadi, u bilan qariya o’rtasida bir kapalak pirillab aylanaverdi. U bolaligida bobosidan go’yo kapalak omad keltirishi haqida eshitganini esladi. Xuddi qora chigirtka, kaltakesak va yo’ng’ichqaning bargchalariday.

— Aynan shunday, — ming’irladi qariya uning xayolidan o’tgan fikrni uqib. — Hammasi xuddi bobong senga aytganiday. Bu o’sha belgilar, ularga amal qilsang, yo’lingni yo’qotmaysan.

Shu so’zlarni ayta turib, u to’shini yalang ochdi va hayratga tushgan Santyago kecha ko’zini qamashtirgan yarqiroq jilvani esladi. Qariya oltindan quyulgan, qimatbaho toshlar bilan bezalgan sipar taqib yurardi. Aslida ham u podshoh edi, yupinroq kiyinib yurishining sababi esa, aftidan, talonchilar tashlanib qolmasligi uchun bo’lsa kerak.

— Mana, ol, — dedi qariya va sipardan ikkita, oq va qora toshni ko’chirib, ularni Santyagoga uzatdi. — Bular Urim va Tummim deyiladi. Oqi “ha”ni, qorasi esa “yo’q”ni anglatadi. Belgilarning ma’nosini uqolmay qolganingda ular senga asqotadi. So’rasang — javob beradi. Biroq yaxshisi, — davom etdi u, — har qanday holatda o’zing bir qarorga kelganing ma’qul. O’zing bilasan, xazina — ehrom yonida, oltita qo’yni men senga bir qarorga kelishingga ko’maklashganim uchun olaman.



22 из 116