
Bandargohga kiriladigan joyda turgan chog’roq kemaga qarab o’tirgan Malkisidq, bir paytlar unga ushr berganidan so’ng Ibrohimni qayta uchratmaganiday, endi bu bo’zbolani ham boshqa ko’rmasligi haqida o’ylardi.
Umrboqiylarda orzu-istak bo’lmasligi kerak, chunki bu yerda ularning o’z yo’llari yo’q. Biroq baribir Malkisidq qalbining tubida Santyago degan mana shu bolaga omad yor bo’lishini tilardi.
“Uning hoziroq hatto mening ismimni ham unutib yuborishi achinarli-da, — o’yladi u. — Mening ismimni takrorlab turishi kerak edi. Alhol, meni eslab, “Malkisidq, Salim podshohi” degan sirli qariyani tilga olsa.”
U ko’zini samoga tikdi va biroz iymanib, dedi:
— Tangrim, iqrorman, bular barchasi, Sening kalomingda zikr etilganiday, “behudadan behuda urinish.” Lekin gohida qari podshoh ham o’zi bilan g’ururlanadi-da.
“Afrika deganlari g’alati joy ekan”, — o’yladi Santyago.
U shaharning tang ko’chalarida tez-tez duch keladigan torgina yemakxonada o’tirardi. Bir necha kishi kattakon chilimni qo’lma-qo’l almashib chekishardi. Shu orada u qo’l ushlashib borishayotgan erkaklarni, yuzini bekitgan ayollarni, baland minoralarga chiqib olib, qiroat bilan bir nimalarni aytib qichqirayotgan ruhoniylarni ko’rdi, ayni damda atrofdagilar tiz cho’kishar va manglaylarini yerga tekizishardi.
“Ko’chmanchi musulmonlarning makoni. Ularning urf-odatlari ham shu yerda ildiz otgan”, — dedi ichida u.
