U bolaligida qishloqlaridagi cherkovda avliyo Yoqubning suratini ko’rgandi — mavrlarni mahv etgan g’olib oq ot ustida, qo’lida qilichni baland ko’targan holda tasvirlangan, uning poyida hozir yemakxonada Santyago bilan yonma-yon o’tirishgan kishilarga o’xshash so’xtasi sovuq odamlar mukka tushgan. Bo’zbola sarosimalandi — u o’zini juda yolg’iz his etdi.

Boz ustiga, safarga chiqishdan oldin u bir narsani xayoldan faromush qilgan ediki, ayni shu narsa uning xazinaga boradigan yo’lida uzoq vaqt to’siq bo’lishi mumkin edi. Zotan, bu mamlakatda hamma arabcha gaplashardi.

Yemakxona xo’jayini uning oldiga keldi va Santyago imo-ishoralar bilan yonidagi stolda o’tirganlar ichayotgan ichimlikdan unga ham olib kelishini so’radi. Bu achchiq choy ekan. Bo’zbola vinoni xush ko’rardi.

Sirasini aytganda, buning ahamiyati yo’q — faqat xazina va ungacha qanday yetib borish haqida bosh qotirishi kerak. Sotgan qo’ylaridan tushgan pul anchagina, ular hamyonida, o’zining kuchini ko’rsatsa, harqalay, kishi yolg’izlik azobidan unchalik ozor chekmaydi. Tez-orada, atigi bir necha kundan keyin, u ehromlarga yetib boradi. Sof oltindan yasalgan ko’kraksiparli qariya besh-oltita qo’yini olib, boyib qolish uchun uni anoyi qilmagandir.

Qariya unga belgilar haqida gapirdi va Santyago, bo’g’ozdan suzib o’tgunicha, faqat shular haqida o’yladi. Gap nimadaligini u tushundi: Andasuliyada sang’ib yurib, yerdagi va osmondagi belgilarga qarab o’zini oldinda nimalar kutayotganini bilib olishga urindi. Chumchuq ilonning bekinib turgan joyidan xabar yetkazishi mumkin; buta shu atrofda jilg’a yoki daryo borligidan darak beradi. Bularning bariga uni qo’ylar o’rgatdi.

“Agar ularni Tangri yo’llab turgan bo’lsa, U menga ham yo’ldan chalg’ishimga monelik qilmaydi”, — o’yladi Santyago va biroz xotirjam bo’ldi. Shunda hatto choy ham unchalik taxir tuyulmadi.

— Sen kim bo’lasan? — tuyqusdan ispancha so’z eshitildi.



26 из 116