
“Naqadar g’aroyib rivoyat”, — o’yladi Alkimyogar.
BIRINCHI QISM
Bo’zbolaning ismi Santyago. U qo’ylarini tashlandiq holga kelgan yarim vayrona cherkovga haydab kirayotganda qosh qoraya boshlagandi. Cherkov gumbazi allaqachonlar o’pirilgan va xaroba holga kelgan, bir paytlar mehrob bo’lgan joydan kattakon tutanjir o’sib chiqqan.
Shu yerda tunashga qaror qildi Santyago, chirib sinib yotgan eshikdan qo’ylarini ichkariga haydab kiritdi-da, bo’lak-so’lak taxtalar bilan suruv chiqib ketolmaydigan qilib eshikni tambaladi. Okrugda bo’rilar yo’q edi, biroq ba’zan qo’ylar uloqib ketib qolar, biror-bir daydi qo’yni qidirib kun-uzzun ovora bo’lishga to’g’ri kelardi.
Santyago kamzulini yerga to’shadi, boshi tagiga yaqinda o’qib tugatgan kitobni qo’ydi va cho’zildi. Uyquga ketishdan oldin: qalinroq kitob olib chiqqanim tuzuk ekan — ancha vaqt o’qirdim, yostiq uchun ham qulay bo’lardi, deb o’yladi. U uyg’onganda hali qorong’u, tepasida tun choyshabining yirtiqlaridan yulduzlar charaqlab turardi.
“Yana ozgina uxlasam”, o’yladi Santyago.
Uyqusida yana o’sha — o’tgan hafta ko’rgan tushi jonlandi va tushni tag’in oxirigacha ko’rishga ulgurmadi.
U boshini ko’tardi, vinodan bir qultum ichdi. Tayog’ini qo’liga oldi va mudrab yotgan qo’ylarni turtkilay boshladi. Biroq suruvning katta bir to’dasi u ko’zini ochgan damdayoq qo’zg’algan, go’yo u bilan qo’ylar orasida allaqanday sirli aloqa borday, u suruv bilan, mana, ikki yildan beri suv va ozuqa qidirib, bir joydan boshqa joyga sang’iydi. “Menga shu qadar o’rganib qolishdiki, hamma odatimni o’zlashtirib oldi bular, — ming’illadi u. — Mening hatto kundalik rejamdan ham boxabar”.
U yana shu haqda biroz mulohaza qilib, ehtimol, buning aksidir — men ularning odatlarini o’zlashtirib, suruvning tartibiga tushib olgandirman, degan xulosaga keldi.
