Biroq boshqa bir to’da qo’y Santyagoning tayoq uchi bilan birma-bir nomini aytib turtkilaganiga qaramay, qo’zg’alishga shoshilmasdi. Umuman, uning ishonchi komil edi — qo’ylar Santyago aytgan gaplarni yaxshi tushunardi, shuning uchun ba’zan u kitobchalarning o’ziga yoqqan joylarini qo’ylarga eshittirib o’qir yoki suruvni haydab o’tgan shaharlar, qishloqlarda eshitgan yangiliklarni ularga gapirib berardi.

Darvoqe, keyingi paytlarda bo’zbola faqat bir narsa — yana to’rt kundan keyin o’zi yetib keladigan shaharda yashaydigan savdogarning qizi haqida gapirardi. U qizni faqat bir marta — o’tgan yili ko’rgan. Movut va jun bilan oldi-sotdi qiladigan do’kondor qo’ylarning junini ko’z oldida qirqtirishni xohlaydi — shunday qilinsa uni aldasholmaydi. Oshnalaridan kimdir Santyagoga shu do’konni ko’rsatdi va u qo’ylarini o’sha tarafga haydadi.

“Jun sotmoqchiman”, dedi u do’kondorga.

Do’kon peshtaxtasi oldida odamlar uymalashib turardi, xo’jayin cho’pondan tushlikkacha kutib turishini so’radi. Santyago rozi bo’ldi va yo’lakka o’tirib, to’rvasidan kitobchasini oldi.

— Voy, cho’ponlar ham kitob o’qisharkan-da, bilmas ekanman, — yonginasidan qiz bolaning qo’ng’iroqday tovushi jarangladi.

U boshini ko’tarib, ko’rinishidan haqiqiy andaluslik, sochlari taqimiga tushgan, qop-qora va mayin ko’zlari esa xuddi bir vaqtlar Ispaniyani zabt etgan mavrlarnikiday qizni ko’rdi.

— Cho’ponlar kitob o’qishi shart emas: qo’ylar har qanday kitobdan ham ko’proq narsaga o’rgatadi, — javob qildi unga Santyago.

Shu zayl gap gapga ulashib, ular gurunglashib ketishdi va rosa ikki soat miriqib suhbatlashdi. Qizaloq do’kondorga qiz bo’lishini, hayoti zerikarli, kunlari xuddi ikki tomchi suvday bir xilligini aytdi. Santyago esa unga Andalusiya yaylovlari haqida, yo’lining ustidagi katta shaharlar haqida eshitganlarini gapirib berdi. Qiz bilan suhbat qurganidan uning kayfi chog’ bo’ldi — axir, bu qo’ylarga gapirgandan yaxshi-da.



4 из 116