
Santyago yig’lab yubordi. Nahotki, Tangrining qahri, bor yo’g’i ko’rgan tushiga ishongan kishilar uchun, shu qadar qattiq bo’lsa!
“Qo’ylarimni boqib yurganimda mendan baxtiyor odam yo’q edi, men hammaga xursandchilik ulashardim. Meni ko’rganda odamlar shod bo’lishardi va eng e’tiborli mehmonday e’zozlashardi.
Mana, endi men g’amga botdim va baxtsizman. Nima qilarimni bilmayman. Endi badjahl va hech kimga ishonmaydigan bo’laman, bir odam meni aldab ketgani uchun hammadan gumonsirab yashayman. Xazina topganlarni esa ko’rolmayman, negaki bu omad mendan yuz o’girdi. Xasga tirmashib yashayman endi, chunki qurbim shunga yetadi, xolos, olamni anglamoqqa ojiz va kuchsizman”.
U to’rvasini ochib, uning ichida biror-bir yegulik — hech bo’lmasa yog’ bilan bir burda non — qolmaganmikan, deb qaradi, biroq to’rvadan qalin kitob, kamzul va qariya bergan ikki dona toshni topdi, xolos.
Ularga ko’zi tushib, Santyagoning chiroyi ochildi. Axir, u qariya sovg’a qilgan shu ikkita toshga oltita qo’yni almashdi-da. Agar bu toshlarni sotolsa bo’lgani — puliga patta olib vataniga qaytadi.
“Endi aqlimni yig’ib ish qilaman”, — o’yladi u to’rvadan toshlarni olib, cho’ntagiga bekitarkan. Bu yer bandargoh shahar, bandargoh esa, uni shilib ketgan haligi yulg’ich to’g’ri aytganiday, tovlamachilarga to’la.
Faqat endigina yemakxona xo’jayinining nima uchun qizishib gapirganiga Santyagoning aqli yetdi — u bo’zbolaga qavatingdagi yo’ldoshiga ishonma, deya jon kuydirib uqtirgan ekan.
“Men xuddi boshqa oddiy odamlardayman: xayolimdagini borga yo’yaman va dunyoni asli qanday bo’lsa shundayligicha emas, balki o’zim xohlaganday ko’raman”.
U yana toshlarni qo’liga olib qaradi, mehr bilan siladi — toshlar iliq tuyuldi. Mana, hozircha uning qo’lidagi haqiqiy xazina shu. Qo’lingni tekizsang ko’ngling ko’tariladi. Ular Santyagoga qariyani eslatdi. Qariyaning gaplari uning qalbida qayta sado berganday bo’ldi: “Agar sen biror narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo’lishiga ko’maklashadi”.
