
Atrof g’ala-g’ovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi, gilamlar va yong’oqlar, mis laganlar va ko’katlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qo’l ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat uning boyagi yo’ldoshi qay go’rgadir g’oyib bo’lgandi.
Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yo’qotib qo’yishganiga o’zini ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar, deb o’yladi. Biroz vaqt o’tdi; baland minoraga ko’tarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday g’imirlashib, narsalarini yig’ishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor bo’shab qoldi.
Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni qo’rg’alagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun quyosh ko’tarilgan paytda u narigi qit’ada edi, cho’pon edi, oltmishta qo’yi bor edi va movutchining qizi bilan uchrashuvni kutardi. Erta tongdayoq, otarini yaylovga haydagandan so’ng, nimalar ro’y berishi unga oldindan ayon bo’lgandi.
Mana, shu kunning shom pallasida u boshqa bir mamlakatda yuribdi, yot o’lkada u begona va hatto mahalliy xalq gaplashadigan tilni ham bilmaydi. Endi u cho’pon emas, bor-yo’g’idan, avvalo, pulidan ajralib qoldi, demak, endi ortga qaytolmaydi va hammasini boshidan boshlay olmaydi.
“Bularning bari quyosh chiqib botguncha ro’y berdi-ya”, — o’yladi bo’zbola. U o’z ahvoliga achindi va hayoti kutilmaganda butkul o’zgarib ketganiga qattiq qayg’urdi.
Yig’lay desa uyat. U hatto qo’ylarining oldida yig’lashga ham uyalardi. Biroq bozor maydoni allaqachon bo’shab qolgan, u esa yolg’iz, vatanidan juda uzoqda.
