
“Ehtimol, biz ham shunaqadirmiz, — o’yladi cho’pon. — Axir, men o’zim ham movutchining qizi bilan tanishganimdan keyin xayolim biror marta ham boshqa ayollarga ketmadi-ku”.
U osmonga qaradi, chamaladi, peshinga qolmay Tarifda bo’ladi. U yerda kitobni boshqasiga, qalinrog’iga almashtirib olsa, suvdonini vinoga to’ldirib, soch-soqolini oldirsa, movutchining qizi bilan uchrashuvga shay bo’ladi. U boshqa bir cho’pon qizni ilib ketgan bo’lsa-chi, degan xayolga bormaslikka urindi.
“Hayot shunisi bilan qiziqki, tushlar rostga aylanadi”, — o’yladi Santyago osmonga ko’z tashlab qo’yib, qadamini tezlatarkan.
U Tarifda tushni ta’birlaydigan kampir yashashini esladi. Qani aytsin-chi, ikki marta ko’rgan bir tushning ta’biri qanaqa bo’larkan.
Kampir mehmonni orqa tarafdagi oshxonadan turli
rangdagi plastmassa munchoqlar shodasidan yasalgan parda bilan ajratilgan xonaga yo’lladi. Xonada stol va ikkita stul bor, devorda Masih yuragi tasviri tushirilgan surat ilingan.
Uy bekasi Santyagoni o’tirg’izdi, o’zi uning qarshisiga o’tirib, ikki qo’lidan ushladi va past ovozda duo o’qidi.
Aftidan, bu lo’lilar o’qiydigan duo edi. Cho’pon bolaga lo’lilar tez-tez uchrab turardi — ular ham, garchi qo’y boqishmasa-da, dunyo kezib yurishadi. Odamlar ularni yolg’on-yashiq aytib kun kechiradi, gunohga botib yashaydi, bolalarni o’g’irlab ketadi va bu bolalar keyinchalik ularning asiriga aylanib qoladi, deyishadi. Santyago go’dakligida lo’lilar o’g’irlab ketishidan o’lguday qo’rqardi, hozir lo’li kampir qo’llaridan ushlaganda vujudida o’sha qo’rquv uyg’ondi.
“Axir, bu yerda Muqaddas Masih yuragi bor-ku”, — o’yladi u xotirjam bo’lishga va titrog’ini bosishga urinib. Lo’li kampir buni sezib qolishini xohlamasdi. Sodiqligini ta’kidlamoqchi bo’lib ichida duo o’qidi.
— Juda qiziq, — kaftidagi chiziqlardan ko’zini uzmay
ming’irladi kampir va yana sukut saqlab turdi.
