
Ota hech nima demadi, ertalab unga uchta qadimgi tilla tanga solingan hamyonni tut-qazdi:
— Bir kun daladan topib olgandim. Osmondan tushgan desa ham bo’laveradi. O’zingga bir otar qo’y sotib ol va yurt kezib mol boqib yuraver, qachonki, dunyoda bizning qasrimizday eng zo’r qasr va bizning ayollarimizday go’zal ayol yo’qligini tushunsang, bir kun qaytarsan.
O’g’lini tangriga topshirib fotiha berayotganda, Santyago uning ko’zlariga qarab, qarib qolganiga, muqim hayotning huzur-halovati: yeb-ichishi yetarli va boshida kapasi borligidan qoniqish hosil qilib, o’zini xotirjam tutishiga qaramay, otasining ko’nglida yurt oshib, el kezib yurish ishtiyoqi so’nmaganini payqadi.
Ufq qirmizi tusga kirdi, so’ng quyosh botdi. Otasining gaplarini eslab kulimsiradi: u ko’plab qasrlarni va ko’plab go’zallarni ko’rishga ulgurdi, darvoqe, ular orasida tengi yo’q bir hurliqo bilan ikki kundan keyin tag’in uchrashadi. Uning bir otar qo’yi bor, egnida kamzuli bor, kitobi bor, kitobni xohlagan paytda boshqasiga almashtirsa bo’ladi. Muhimi — uning eng aziz orzusi amalga oshayotir: dashtu dala kezib, safar qilib yuribdi. Andalusiyaning qir-adirlari zeriktirsa, xohlagan paytda qo’ylarni sotib, dengizchi bo’lishi mumkin. Agar dengizda suzish joniga tegsa, bu paytga kelib u boshqa shaharlarni ko’rib, boshqa ayollar bilan tanishib oladi, baxtli bo’lishning boshqacha yo’llarini topadi.
“Bilmadim, diniy maktabda Tangrini qanday topardim”, — o’yladi Santyago ko’tarilib kelayotgan quyoshga qarab.
O’zining safarlarida u doim noma’lum yo’llardan yurishni ma’qul ko’rardi. Bu cherkovda hali biror marta tunashga to’g’ri kelmagan, garchi bu o’lkalarda tez-tez bo’lib tursa-da. Dunyo keng, cheku chegarasi yo’q va Santyago ozroq vaqt qo’ylarni o’z mayliga qo’yib bersa, albatta, qandaydir qiziq voqeaga duch kelardi. Faqat qo’ylar har kuni yangi yo’llarni topishayotganini, yaylovlar va yil fasllari o’zgarayotganini tushunmaydi: ularning miyasida faqat qorin to’yg’azish ehtiyoji bor, xolos.
