
— Allo! Ha, ha… Bankir Karl Gotlib shaxsiy sekretariatining kabineti. Nima? Eshitmayapman! Qattiqroq gapiring! Nima bo‘ldi deysiz? Qanday qilib? Bo‘lishi mumkin emas!
Zauyerning qo‘lidan avtoruchka tushib ketdi. Rangi quv o‘chdi. Ovozidagi g‘ayritabiiy o‘zgarishni sezgan Glyuk bilan Fit ishlarini tashlab, uning og‘ziga tikilib qolishdi.
— Poyezdning tagida qoldi?… Qanday qilib?… Kechirasiz, surishtirmasdan bo‘ladimi?… Xo‘sh… xo‘sh… ma’qul… xo‘p… Hammasini to‘g‘rilaymiz!
Zauyer trubkani qo‘edi-da, qo‘li bilan sochlarini tarab, o‘rnidan turdi.
— Nima gap, Zauyer? — deb so‘radi Fit tashvishlanib. — Kim poyezdning tagida qolibdi? Gapirsangiz-chi, tezroq!
Ammo Zauyer o‘zini yana kresloga tashlab, bir oz indamay o‘tirdi.
— Ha… Bir falokat bo‘lishini ko‘nglim sezuvdi, — dedi u nihoyat va o‘rnidan sapchib turib, tez gapira ketdi: — Hozirgina telefonda aytishdi, Karl Gotlib poyezdning tagida qolibdi…
— Tirik ekanmi? — baravariga so‘rashdi Fit bilan Glyuk.
— Tafsiloti ma’lum emas…
— Tafsiloti emish! — dedi Fit. — Tirikmi, o‘lganmi?
— So‘ragan edim, hozir tushuntirib o‘tiradigan payt emas, darrov karavotni hozirlab, vrachlarni chaqirish kerak, deb javob berishdi.
— Demak, tirik ekan-da? — dedi Glyuk.
— Ehtimol… — Zauyer qo‘ng‘iroq tugmachasini bosib, xizmatkorlarni chaqirdi-da, tegishli ko‘rsatmalarni bergach, vrachlarga telefon qila boshladi. Uy ichi bir zumda to‘s-tupolon bo‘lib ketdi. Hovliqib ekonomka chopib keldi.
Gotlib so‘qqabosh edi, binobarin, butun xo‘jalikni frau Shmitgof ismli saranjom-sarishta bir kampir boshqarardi.
Shum xabarni eshitib u tamom dovdirab qoldi. Elza anchagacha kampir bilan ovora bo‘ldi.
Ko‘chada avtomobil ovozi eshitildi.
— Doktor! — xitob qildi Fit.
