— Yo‘q, bu o‘zimizning mashinani ovozi, — javob berdi Zauyer. _ Gans, tezroq yo‘lakka chiqing!

Xizmatkor Gans oqsoqlangancha tashqariga yugurdi. Xonaga og‘ir kutish daqiqalari cho‘kdi. Qo‘rquv va hayajondan holsizlangan frau Shmitgof kresloda harsillab o‘tirardi. Nihoyat ko‘cha yoqdagi xonalardan palapartish qadam tovushlari eshitildi.

— Opkelishiyapti… — Shivirladi Fit. — Ishqilib tirik bulsin…

Eshiklar lang ochildi.

To‘rt kishi Karl Gotlibning qonga belangan jasadini ko‘tarib kirdi.

Shmitgof chinqirib bir dod soldi-yu, hushidan ketdi. Gotlibning oyoqlari tizzasining yuqorisidan kesilib ketgan edi.

Temiryo‘lchilar formasidagi beshinchi kishi allaqandai tugun ko‘tarib olgan edi. Fit bilan Glyuk Gotlibning jun yoping‘ichini darrov tanishdi. Tugunning chetidan banyirning yaltiroq botinkalari ko‘rinib turardi.

«Oyoqlari. Uning oyoqlari… Qanday dahshat! — ko‘nglidan kechirdi Glyuk. — Nega opkelishyapti? Endi nima keragi bor?»

Gotlibning yuzi uncha o‘zgarmagan, ammo dokadek oqarib ketgan edi.

«Ko‘p qon ketibdi!» — o‘yladi Elza.

Yana bir narsa uni larzaga soldi: Gotlibning yoqasidagi binafshalar qanday bo‘lsa shundayligicha turgandi. Murdaning ko‘ksidagi bu gullar negadir Elzani entiktirib yubordi.

Murdani ko‘targan odamlar kabinetdan o‘tib, Gotlibning yetoqxonasiga qarab yurishdi. Parket polda qip-qizil qon tomchilari qoldi.

Gotlib jasadi ortidan Shtirner borardi. Uning yuzi sal oqarinqiragan bo‘lsa-da, xotirjam edi. U polga tomchilagan qonni bosmaslik uchun avaylab qadam tashlar, go‘yo yo‘l ustidagi ko‘lmaklardan sakrab-sakrab o‘tayotganday taassurot qoldirardi.

U bilan izma-iz Falk borardi. Kuchuk har bir qon tomchisini iskab o‘tardi.

Glyuk Shtirnerga o‘zi ham anglab yetmagan bir dahshat bilan qaradi. Shtirner bu nigohni payqadi va qizning nazarida, uning ko‘zlarida tabassum uchqun otganday bo‘ldi.



12 из 213