
Savdo olami hayajonda, gazetalarda shov-shuv, Karl Gotlib uyida esa fojiali tugagan inson umriga so‘nggi nuqta qo‘yilmoqda edi.
Qonuniy merosxo‘rlar sifatida shoshilinch chaqirtirilgan yuzlari qip-qizil, basavlat Oskar Gotlib bilan uning sepkildor tirmizaklari uyda halitdan o‘zlarini xo‘jayinday tutishardi.
Oskar Gotlib labini tishlab, qovoqlarini uydy. Boyib ketish imkoniyati haqidagi xayol ko‘zlarida uchqun bo‘lib o‘ynardi. Ammo bir tomoni odob, bir tomoni esa akasidan judo bo‘lgani tufayli yuragini o‘rtayotgan achinish tuyg‘usi uni andak tiyib turardi. Lekin farzandlari ochiqdan-ochiq tantana qilishar, behisob mol-mulk qurshovida entikib, lazzatlanishardi. O‘g‘li Rudolf, Oskarning katta qizlari Luiza bilan Gertruda xonadan xonaga o‘tib, devordagi antiqa suratlarni tomosha qilishar, qimmatbaho buyumlarni siypalab ko‘rishar, yumshoq kreslolarga o‘tirib buyumlarni o‘zlaricha taqsimlashar, bahslashishar, tinmay xaxolab kulishar va har xil rejalar tuzishardi…
Karl Gotlibning majruh tanasiga kesilgan oyoqlarini qo‘shib, salobatli daxmaga ko‘mishdi. Dafn kunining ertasiga vasiyatnomani ochish tayin qilingandi.
Bu marosim ancha dabdabali bo‘ldi. Unga Karl Gotlibning ayrim xizmatchilari, jumladan, Zauyer, Shtirner, Glyuk va Fitlar taklif etilgandi.
Shtirner yozuv stoli ortida loqayd bir kayfiyatda oq qog‘ozga kuchuklarning rasmini chizib o‘tirardi.
