
— Marhum amakimning sekretari siz bo‘lasizmi? — deb so‘radi undan Rudolf Gotlib. — Marhamat qilib, meni yuqori qavatga olib chiqing, bir ko‘z tashlab qo‘yay…
Shtirner indamay stol ustidagi qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi. Eshikda xizmatkor ko‘rindi.
— Gans, mana bu janobni yuqori qavatga olib chiqing! — Shunday deb u yana rasm chizishga tushib ketdi.
Rudolf churq etmadi, ammo jahli chiqqanidan rangi o‘chib ketdi.
Bir burchakda Glyuk va Fit bilan bu manzarani kuzatib o‘tirgan Zauyer miyigida kulib qo‘edi.
— Qarang-a, Elza, Shtirner o‘zini xuddi merosxo‘rday tutadi-ya… Rostini aytsam, uning qiliqlariga sirayam tushunolmayapman. Yangi xo‘jayinlar ko‘chaga haydab chiqarishlarini kutyaptimi, hayronman…
— Bizning qismatimiz nima bo‘lishini ham xudo biladi, — dedi Emma tashvishli bir ohangda.
— Nima qipti, haydashsa — sayyor sirkka kassir bo‘lishga to‘g‘ri keladi, — kulib so‘z qotdi Elza.
— Hazilni qo‘ying, Elza. Men jiddiy gapiryapman. Shtirner katta bir o‘yin boshlaganga o‘xshaydi. — Zauyer ovozini pastlatib davom etdi: — Karl Gotlibning o‘limi g‘alatiroq tuyulmayaptimi sizga?
Elza Zauyerga qaradi.
— Bu bilan nima demoqchisiz, Otto? Axir Shtirner falokat ro‘y bergan paytda yo‘q ekan-ku…
— Ha-ha! Demak, Gotlibning o‘limi tasodifiy emasligi haqidagi fikr sizning ham xayolingizga kelibdi-da? Hamma gap kuchukda! Bordi-yu, u qandaydir bir narsaning ta’siri ostida harakat qilgan bo‘lsa-chi? Agar yanglishmasam, Shtirner o‘z ilmiy ishida ishontirish va uzoq masofadan kishi fikriga ta’sir qilish masalalari bilan shug‘ullangan… O‘z kuchuklari bilan qanday mashg‘ulotlar o‘tkazishini bilasizmi? O‘sha kuni kechqurun sayrdan qaytayotganimizda Falk chopib kelib etagingizdan tortgani yodingizdami?
— Qanday dahshat! — shivirladi Fit. — Kuchuklariga buyurib, bizni g‘ajitib tashlasa-ya!
Zauyer kuldi.
— Unga foydasi yo‘q buni. Shtirnerning kuchuklari yirikryuq o‘ljani ko‘zlashadi. Lekin Gotlibning o‘limidan unga nima foyda? Bu odamning turgan-bitgani sir. U bilan bir yildan ortiqroq vaqtdan beri birga ishlaymiz, har kuni uchrashib turamiz, lekin hech qaysimiz uning xonasiga kirmaganmiz, shunday: masmi? Nima qiladi u xonasida? Qamalvolib, qanday rejalar tuzarkin?
