
Dong qotib qolgan Zauyer Elzaga tikildi. Emma Fit esa suyunishini ham, yig‘lashini ham bilmasdi. Faqat notarius bilan Shtirner xotirjam edilar.
Birdan Oskar Gotlib bir chayqaldi-yu, kreslodan sirg‘alib tusha boshladi. Hamma uning ustiga yopirildi.
— Doktorni chaqiringlar!
Xona bir zumda to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi.
IV. BAXTIYOR QAILIQ
Karl Gotlibning mol-mulki ustidan yozgan vasiyatnomasi tasdiqlangunga qadar vasiylik tayin qilindi, shunisi ham borki, Oskar Gotlib o‘zini vasiy qilib tayinlashlariga erishdi. Shu boisdan Gotlib o‘z farzandlari bilan marhum bankirning uyida istiqomat qilish uchun qoldi. Endi yosh Rudolf Gotlib adolatli sud «qonuniy merosxo‘rlarning huquqlarini tiklashiga» qattiq ishonganidan yana o‘zini bo‘lajak voris sifatida daxlsiz tutardi.
Marhumning behisob boyliklarini hisob-kitob qilish uchun hashma xizmatchilar ishtirok etishi shart edi. Binobarin, vasiyatnoma o‘qilgan kunning ertasiga hamma ishga keldi, jumladan, Elza ham.
— Iye, sizmisiz? — taajjublanib kutib oldi uni Zauyer. — Kim sifatida bu yerga keldingiz?
— Stenografistka sifatida, — jo‘ngina javob berdi Elza.
— Milliarderlar stenografistka bo‘lib ishlamaydi! — dedi Zauyer va Elzani bir chetga tortib, davom etdi. — Iltimos, o‘tiring… Siz bilan jiddiy gaplashib olishimiz kerak.
Ular o‘tirishdi. Tun bo‘yi uxlay olmagan Otto fikrlarini bir yerga jamlamoqchi bo‘lganday peshonasini ishqadi.
— Kechadan buyon hushim boshimdan uchgan, sira o‘zimga kelolmayapman. Yeki men Shtirnerni jinoyatchi deb noo‘rin shubhalandim, yoki bo‘lmasa… U men o‘ylagandan ko‘ra ham xavfliroq. Lekin shu narsa menga ayonki, ikkovimizning o‘rtamizda o‘tib bo‘lmas to‘siq paydo bo‘lyapti… Mendan uzoqlashib ketyapsiz, Elza!
Elza unga ham taajjub, ham andak ta’na bilan qaradi.
