
— Rostini ayting, Elza, sizni kutayotgan baxtdan xabaringiz bormidi, yo‘qmidi?
— Xabarim yo‘q edi, — qat’iy javob berdi Elza.
— Hech bo‘lmasa Karl Gotlib o‘zining butun boyligidan ustun qo‘ygan o‘sha bebaho yaxshiligingiz yodingizdadir, axir?
— Unga biror yaxshilik qilganimni eslayolmayman.
Zauyer yana kaftini qizib ketgan peshonasiga qo‘edi.
— Aqldan ozish hech gapmas… Aytaylik, bunda Shtirnerning qo‘li bordir, — lekin bunga o‘zimam endi ishonmayman, — deylik, u qariya Gotlibga bir balo qilib ta’sir o‘tkazgaidir, qilinmagan yaxshilikka ustalik bilan ishontirib, uni ana shunday oliyasanob harakatga undagandir… U holda nima uchun Shtirner vasiyatnomani o‘z nomiga yozdirib olmadi? Yeki… — Zauyer birdan qaddini rostladi, yuzida allaqanday og‘riq ifodasi paydo bo‘ldi. — Meni kechiring, Elza, sizdan yana bitta nozik narsani so‘rashim kerak: ehtimol Karl Gotlib bilan oralaringizda biror…
Elzaning jahli chiqib, o‘rnidan turib ketdi.
— Bo‘pti, bo‘pti, gapirmayman, tinchlaning! O‘tiring, iltimos… Ko‘rib turibsiz-ku, ahvolimni… Miyam butunlay g‘ovlab ketdi. Eh, shunaqa azobda qoldimki! Yuragimdagi shubhalarimni sizga aytishim kerak, tun bo‘yi uxlayolmay chiqdim. Nima xayollarga bormadim-ye!.. Ehtimol, sizni… Gotlibning qizidir, deb ham o‘yladim…
— Menga qarang, Zauyer, hoziroq ketaman, agar…
— Balki siz… xa-xa-xa! Shtirner bilan sherikdirsiz, uning uchun niqob vazifasini bajarayotgandirsiz…
Elza yana o‘rnidan turib ketdi, ammo Zauyer uni qo‘lidan tortib, zo‘rlab o‘tqazib qo‘edi.
— O‘tiring! Oxirigacha eshiting. Tushunsangiz-chi, men yuzingizga shartta-shartta, ochiq-oydin aytayotgan gaplarni boshqalar orqangizdan gapiradi, gapiryapti ham. Bu vasiyatnoma nomingizga dog‘ tushirishini nahotki tushunmasangiz?
— Menga qarang, Zauyer, men sizni sevaman, ko‘ryapsizmi, ochiq aytyapman, ammo sabr-toqatning ham chegarasi bo‘ladi. Hatto aqldan ozgan bo‘lsangiz ham… men bunaqa tentaklikka toqat qilolmayman. Bekordan-bekorga meni haroqat qilishga kim huquq bergan sizga?
