
— Huquq, huquq! Meni shubhalar o‘tida azoblashga kim huquq bergan? Qayoqdan keldi bu shubhalar? — Shunday dedi-da, Zauyer jim bo‘lib qoldi, horg‘inlik bilan boshini quyi egdi.
Elzaning unga rahmi kelib ketdi. Asta bilagidan ushlab shivirladi.
— Sizni hech kim azoblayotgani yo‘q. Siz o‘zingizni-o‘zingiz azoblayapsiz. Nima keragi bor? Bizning munosabatlarimizda hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, Otto, qanaqa to‘siq haqida gapirayotganingizni tushunmayapman.
— Nega o‘zgarish bo‘lmas ekan? Karl Gotlibning millionlari, milliardlari-chi! Siz mamlakatdagi eng badavlat ayollardan birisiz, men bo‘lsam… Mening erkaklik g‘ururimdan bo‘lak hech narsam yo‘q. Men kambag‘alman, binobarin, puliga uchib uylandi, degan gap-so‘z bo‘lishini xohlamayman. Pul! Nahotki bu to‘siq bo‘lmasy?
— Tilla to‘la qoplar oramizda to‘siq bo‘ladi, deb kim aytdi sizga? Hech qanday To‘siq yo‘q, bo‘lmaydi ham!
Otto Zauyer Elzaga garangsibroq tikildi, lekin endi o‘zini ancha yengil sezdi.
— Nima demoqchisiz, Elza?
— Aytmoqchimanki, bu merosni olish naqadar o‘ng‘aysizligini anglash uchun Otto Zauyerga o‘xshash yuriskOnsult bo‘lish ham, kechalari uxlamay savdoyi darajasiga yetish ham shart emas. Karl Gotlibning in’omini qabul qilishni xayolimga ham keltirayotganim yo‘q. Merosxo‘rlik huquqidan voz kechaman, vassalom.
— Elza! Nahotki? — Zauyer beixtiyor qichqirib yuborgan edi, xonaning narigi burchagida mashinkasini chiqillatib o‘tirgan Emma Fit bir cho‘chib tushdi.
— Nima bo‘ldi, Zauyer? O‘takamni yorib yubordingiz-ku.
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q, xonim, birdan boy bo‘lib ketganimdan, suyunganimdan qichqirdim.
— Demak, Elzaga uylanasiz? — o‘zicha tushundi Emma va chopib kelib jilmayib o‘tirgan dugonasini o‘pib, og‘zi qulog‘ida Zauyerni tabriklay ketdi.
