
— Nima tomosha? Nima uchun tabriklashyapti? — orqadan xonaga kirgan Shtirnerning ovozi eshitildi.
— Nimasiyi aytasiz? Elza Zauyerga turmushga chiqyapti! Shunaqa boy bo‘lib ketishadiki hali! — dedi Emma entikib Shtirnerga.
— Rostdanmi? — so‘radi Shtirner.
Elza bilan Zauyer ko‘z urishtirib olishdi. Elza bir oz ikkilanib turdi-da, keyin qat’iy javob berdi:
— Ha, rostdan. Tabriklashingiz mumkin.
Zauyer suyunib ketganidan Shtirnerning qo‘lini mahkam qisdi.
— Tabriklayman, bo‘lajak xo‘jayinlarim, darvoqe, mening xizmatimdan foydalanishga rozi bo‘lsalaringiz, albatta. Aks holda, xayr deymanu chamadonimni yelkamga qo‘yaman-da, kuchuklarimni ergashtirib sayyor sirkka ravona bo‘laman… Iloj qancha, boshqa kassir qidirishga to‘g‘ri keladi… Balki siz rozi bo‘larsiz, xonim? Emma, siz nima deysiz? Iye, nima bo‘ldi sizga, qo‘zichog‘im? Iig‘layapsizmi?
— Shunchaki… bu xursandchilikdan! — dedi Emma.
— Shunaqami? — kuldi Shtirner. So‘ng, barmog‘i bilan po‘pisa qilgan bo‘ldi: — Qo‘g‘irchoqlar ham o‘z tuyg‘ularini yashira bilishlari kerak. Rostinilayting, Lyudvigga sal bo‘lsayam ichingiz achiyaptimi, yo‘qmi? Sal-pal sevarmidingiz uni, a?…
Xizmatkor kirdi.
— Janob Gotlib janob Otto Zauyerni kabinetga kirishlarini so‘rayapti.
Zauyer Elzaga bosh irg‘ab, istamaygina xonadan chiqdi. Elza bilan yolg‘iz qolgan Lyudvig Shtirner birdan jiddiylashdi.
— Qaroringiz qat’iymi, Glyuk xonim?
— Ha, qat’iy.
Shtirner o‘ylanib qoldi. Keyin so‘radi:
— Men-chi? Men umidimni butunlay uzaveraymi?
— Endi foydasi yo‘q… Menga qarang, Shtirner, bu voqealarning siridan voqif odam, menimcha, bittayu bitta sizsiz. Shuning uchun ba’zi savollarimga javob bersangiz.
— Marhamat.
— Vasiyatnomaning sirini aytib berolmaysizmi?
— Bu sir Karl Gotlib bilan birga dafn bo‘lgan.
