
— Javobingiz meni qoniqtirmaydi. Yana bitta, eng qiyin savol: vasiyatnoma bilan Karl Gotlibning nogahoniy o‘limi orasida biror aloqda bormi?
— Albatta bor. Gotlib halok bo‘lishi bilan vasiyatnomani tasdiqqa taqdim etish va merosxo‘rlik huquqini egallash imkoniyati tug‘ildi — buni har bir yurist aytishi mumkin.
— Siz meni tushunishni kohlamayapsiz yoki…
— Yeki siz odob yuzasidan fikringizni ochiq aytmayapsiz. Ochig‘ini ayting: cholning o‘limiga men aybdor emasmanmi?
Elza qizarib ketdi.
— O‘zingiz aybdorsiz, Shtirner. Esingizdami, sofdillikni illat deb atagan edingiz… Har kuni qo‘l berib ko‘rishadigan tanishlaring orasida shunday odam bo‘lishi…
— Qo‘llari oltmish yashar begunoh chaqaloqning qoniga bo‘yalgan odam demoqchisiz-da? Shu ahvoliga yana sizga og‘iz solib o‘tirsa-ya…
— Menga qarang, Shtirner, qayoqda yuribsiz? Yaxshimas. Siz. ni kutib o‘tiribmiz, — dedi Oskar Gotlib xona eshigini ochib.
Shtirner g‘ijinib o‘rnidan turdi-da, chiqib ketdi.
— Shuncha uzoq nimani gaplashdi? — deb so‘radi chopib kelib Emma.
— U menga qalbini va to‘yona sifatida butun yer yuzini taklif qildi.
— Sen nima deding? Bir kunda ikkita taklif? Qanday baxtlisan-a!
— Bilasanmi, Emma, merosdan voz kechdim, — dedi Elza.
Emma dong qotib qoldi.
— Sen ham Shtirnerdan battarsan!..
V. CHALKASH HODISA
Oskar Gotlib o‘lmadi-yu, lekin merosining noxosdan qo‘ldan ketishi uni o‘lmoqdan beri qildi. U yuzi qorayib shishinqiragan, so‘lg‘in bir qiyofada mashhur advokat Lyudersning kabinetida o‘tirar va boshini bir tomonga qiyshaytirgancha qo‘lidagi qalamni asabiylik bilan o‘ynab gapirardi.
— Bu meros masalasi g‘irt bema’ni va chalkash ish bo‘ldi. Ehtimol, o‘g‘lim Rudolf, bu yerga firibgarlar yig‘ilgan, deb to‘g‘ri aytgandir. Jinoyatchilar yoki aqldan ozganlar to‘dasidir. O‘zinglar bir o‘ylab ko‘ringlar. Vasiyatnoma ochilgan kunning ertasiga men bafurja gaplashib olish maqsadida marhum akamning yuriskonsulti Otto Zauyerni xonamga taklif qildim. Zauyer marhum Karlning ishonchli kishisi sifatida vasiyatnoma bilan bog‘liq chalkashlikni tushuntirib berar, deb o‘ylagandim.
