
— Nima bo‘lganda ham, — Oskar Gotlib qalamni cho‘ntagiga soldi-yu, ammo shu zahotiyoq yana qaytarib oldi, — vasiyatnoma topshirilgan, binobarin, kurashish kerak. Siz nima deysiz, janob advokat?
Lyuders bitta ham tuki qolmagan yaltiroq boshini kreslo suyanchig‘iga tashlab, tepasida suzib yurgan tutun halqachalariga ko‘z tikkancha, xuddi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday asta so‘z boshladi:
— Vasiyatnomani da’vo yo‘li bilan rad etish rasman mumkin emas: vasiyatnoma barcha qonun-qoidalarga rioya qilingan holda notariusdan o‘tgan. Sud va politsiyaning tergov protokoliga qaraganda, Karl Gotlib baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘lgan, bu ishda birovning qo‘li yo‘q. Xo‘sh, nima qilish kerak? Vasiyatnoma yozilayotgan paytda Karl Gotlibning esi joyida emasligini isbotlashimiz lozim. Birdan-bir yo‘li shu, ammo juda qaltis yo‘l bu…
Lyuders og‘zidan tutunni yana halqacha qilib chiqarib, Oskar Gotlibga murojaat qildi:
— To‘g‘risini ayting, marhum akangiz bilan munosabatla|)ingiz qanday edi? Balki oralaringizdan biror gap-so‘z o‘tgandir?
— Mutlaqo! — qat’iy javob berdi Oskar Gotlib.
— Bo‘lmasa, ikkinchi vasiyatnomadagi imo-ishoralarga nima deysiz?
Oskar Gotlib qip-qizarib, o‘tirgan joyida bir qimirlab qo‘edi.
— Imo-ishoralar! Xuddi mana shuning uchun ham ikkinchi vasiyatnomani bekor qilishlarini da’vo qilmoqchiman-da… Bu imo-ishoralar men uchun uyat. Merosxo‘rlik huquqidan mahrum bo‘lish qanchalik og‘ir bo‘lsa, marhumning bunday bo‘htoniga ko‘nikish undan ham qiyinroq… Nima uchun shunday bo‘lganiga aqlim yetmayapti, bu yerda bir anglashilmovchilik bor. Ehtimol, kimdir qasddan meni akamga yomonlagandir?
— Ha, chalkash hodisa… Qo‘limdan kelgancha harakat qilaman, lekin biror ish chiqishiga kafolat berish qiyin.
Shunday deb, mashhur advokat uchinchi bor tutun halqachasini chiqarib, suhbatni o‘zi uchun yengil va yoqimli bo‘lgan gonorar masalasiga ko‘chirdi.
