— Mayli, bir o‘zim boradiganga o‘xshayman, — dedi u o‘rnidan turayotib. — Bu ishni ancha qiyinlashtiradi, biroq, sizning yordamingizsiz ham qorasoqolni topib olarman balki. Xayr, Artemyev. Muvaffaqiyatli pishishingizni tilayman.

— Menga qarang, Antonina Ivanovna!.. Tonya!..

Ammo u allaqachon chiqib ketgan edi.

Orqasidan borsammikin? Qaytarsammikin? Mayli, roziman, deymi?.. Yo‘q, yo‘q! Bir gapda turish kerak. Hozir shunday qilmasam, keyin rasvo bo‘ladi.

Darhaqiqat, o‘sha kuni kechqurun, tun bo‘yi, ertasiga ertalab ham gapimda turdim. Laboratoriyadagi tajribam — olxo‘rilarga qaragim ham kelmasdi.

Tonya, albatta, yolg‘iz jo‘naydi. U hech qanday qiyinchilikdan qo‘rqmaydi Qorasoqolni va u orqali Paleyni topgach, Pomirda nima voqea yuz berarkin? Agar u bilan birga bo‘lganimda hamma narsani bilib olardim. Tonya bilan birga bormasam — bu aloqa uzildi degan so‘z. Keta turib bekorga «xayr» degani yo‘q. Lekin, baribir bir gapda turish kerak. Hozir shunday qilmasam, keyin rasvo bo‘ladi.

Ablatta, men bormayman. Lekin judayam johil bo‘lish kerak emas-da. Tonyaga yo‘l hozirligini ko‘rishda yordam berish oddiy bir iltifot-ku.

Xullas, soat hali to‘rt ham bo‘lmasdan to‘rtinchi qavatdan oyog‘imni qo‘limga olib pastga otildim: Amerika filmlaridagi qahramonlardan qolishmay yurib ketayotgan trolleybusga sakrab chiqib olib, uyga jo‘nadim. Chamamda, Tonyalarnikiga taqillatmasdanoq kirib borgan bo‘lsam kerak. Eshikdan kira solib:

— Siz bilan boraman, Antonina Ivanovna! — deb qichqirdim.

Bu xitob qaysi birimiz uchun kutilmagan bo‘lishini aniq bilmayman, nazarimda, men uchun bo‘lsa kerag-ov!

Shunday qilib, men ajoyib-g‘aroyib sarguzashtlar girdobiga tushib qoldim.



6 из 167