
Hali tuzuroq joylashib olmasimdan RSFSR orqada qolib ketdi. Bulut qatlami orasidan yer ko‘rinmasdi. Bulutlar siyraklasha boshlagach, juda pastda qo‘ng‘ir tusli yer sathi ko‘zga tashlandi. Uning o‘rtasi chuqurroq, gardishi ufq sari yuksalgan, xuddi to‘ntarib qo‘yilgan gumbazga o‘xshardi.
— Qozoq sahrolari, — dedi Tonya.
— Darrov-a? Mana buni tezlik desa bo‘ladi!
Bu uchishimiz hatto sabri chidamayotgan Tonyani ham qanoatlantirar edi.
Oldinda Orol dengizi yaltirab ko‘rindi. Kabinada ham endi hozirgina ortda qolgan Moskva haqida emas, Toshkent, Andijon, Qo‘qon xususida gap borar edi.
Toshkentni tomosha qilishga ulgurolmadim. Biz yashin tezligida aerodromga qo‘ndik va dam o‘tmay avtomobilga o‘tirib, Siolkovskiy tomonidan yaratilgan, o‘ta tez yuradigan reaktiv poyezd vokzaliga jo‘nadik. Toshkent bilan Andijon orasida qatnaydigan bu birinchi reaktiv poyezd o‘z tezligi jihatidan stratoplandan qolishmas ekan.
Men uzun, yurganda shamol qarshiligiga kamroq uchraydigan qilib yasalgan g‘ildiraksiz vagonni ko‘rdim. Vagon tubi yerdan sal ko‘tarilgan beton izda turardi. Vagonning ikki tomonida beton izdan chiqib turgan qanotsimon jihozlar bor edi. Bu qanotlar burilishlarda yordam bersa kerak.
Aytishlaricha, havo oqimi vagon tubiga haydalib, maxsus teshiklardan orqaga siqib chiqarilar ekan. Shunday qilib, vagon yupqa havo qatlami ustida ucharkan. Ishqalanish juda kamaytirilgan ekan. Harakat havo oqimining orqaga haydalishidan hosil bo‘lib, tezlik shu darajaga yetarkanki, vagon hatto ko‘priksiz kichik daryolardan sakrab o‘tib ketaverarkan.
Men xavotirlanib, seskanibroq vagonga o‘tirdim. Biz yo‘lga tushdik.
