Bu kishi gap boshlaganda atrofidagilar ichagi uzilgudek bo‘lib kulishardi. Chub dasturxondagi araqni ham xayolan ko‘rib turibdi. Bu uning‘ nafsini qitiqlar edi-yu, lekin tun qorong‘isi hamma kazaklarga taalluqli bo‘lgan yalqovlikni ham qo‘zg‘atar edi. So‘riga chiqib, yonboshlab trubka chekkan, darcha tagiga to‘planishib o‘yin-kulgi qiladigan yigit va qizlarning qo‘shiqlarini eshitib mudragani yaxshi emasmi! Agar yolg‘iz o‘zi bo‘lsa-ku, albatta uyda maza qilib o‘tirardi-ya, lekin ikki kishi qorong‘ida yurishdan qo‘rqishmaydi va zerikishmaydi ham. Buning ustiga, boshqalar oldida o‘zini qo‘rqoq va yalqov qilib ko‘rsatgisi kelmadi. Javrab bo‘lib, hamrohiga qarab:

— Shunday qilib, oy yo‘qmi? — deb so‘radi.

— Io‘q.

— Taajjub-a! Qani, tamakingdan ol, hidlaylik! Tamaking juda yaxshi-da! Qayerdan olasan?

— Qayoqda yaxshi! — dedi hamrohi guldor tamaki qutisini yoparkan. — Qari tovuqqa ham ta’sir qilmaydi!..

— Esimda, marhum araqfurush menga Nejindan tamaki keltirib bergan edi, xo‘p tamaki edi-da! Nihoyatda yaxshi edi! Xo‘sh, og‘ayni, nima qilamiz, juda qorong‘i-ku… — deb Chub yana o‘sha zaylda gapirdi.

Hamrohi eshikning tutqichini ushlagan joyida:

— Bo‘lmasa, bormay qo‘ya qolamiz, — dedi.

Agar og‘aynisi qolamiz demasa, Chub bormas edi, ammo, endi qaysarligi tutib.

— yo‘q, og‘ayni, bormasak bo‘lmaydi! — dedi.

Aytdi-yu, darrov aytganiga pushaymon qildi. Bunday tunda sira borgisi kelmasdi. Ammo, birovning maslahatiga kirmay o‘z bilganini qilib, kajligini ko‘rsatganligiga xursand edi.

Og‘aynisi, uyda o‘tiradimi, ko‘chaga chiqadimi, unga bari bir bo‘lganidan, chehrasida hech bir pushaymon alomatini ko‘rsatmay beparvolik bilan atrofga qarab qo‘ygach, qamchi dastasi bilan yelkasini qashib qo‘ydi-da, keyin ikkovi yo‘lga tushishdi.

Endi go‘zal qiz uyda yolg‘iz qolib nima qilayotganini ko‘raylik. Oksana hali o‘n yetti yoshga to‘lmagan, lekin Dikankaning uyog‘ida ham, buyog‘ida ham hammaning og‘zida u.



5 из 46