— Utir, — dedi Oksana chiroyini buzmay, yuz-ko‘zidagi shodonlikni saqlab.

— Go‘zal Oksana, karam qil, bir o‘pay! — dedi-yu, temirchi o‘zini dadil tutib, qizni o‘pmoqchi bo‘lib, og‘ushiga tortib quchoqladi. Ammo Oksana temirchining lablariga yaqin kelib qolgan betini opqochib, uni itarib yubordi.

— Tag‘in nimalar istaydi ko‘ngling? Asal bergach, qoshiq ham ber, deysanmi! Io‘qol, qo‘llaring temirdan battar. Uzingdan ham tutun hidi keladi. Hamma yerimni qorakuya qilgan bo‘lsang kerak.

U yana o‘zini oynaga solib o‘ziga oroyish berdi.

Temirchi boshini xam qilib, ichida: «U meni yaxshi ko‘rmaydi, u hech kimni nazar-pisand qilmaydi, men bo‘lsam uning oldida ahmoq bo‘lib, ko‘zimni undan uzmasdan mo‘ltayib o‘tiribman. Tikilib turaverardim, yuz yil bo‘lsa ham ko‘zimni olmasdim! Alomat qiz! Ko‘ngli kimdaligini, kimni sevishini bilolsam, har narsa desa berardim. Ammo u hech kimni yoqtirmasa kerak, o‘zigao‘zi shaydo. Men bechorani qiynaydi, men sho‘rlik uning ko‘yida kuyaman, ro‘shnoligim yo‘q, unga muhabbatim shunchalikki, dunyoda hech kim birovni mendek sevgan emas, bundan buyon ham sevmaydi!» — deb o‘yladi.

— Sening onang yalmog‘izmish, rostmi? — deb kulib yubordi Oksana. Temirchining nazarida butun ich-tashi kulib yuborgandek bo‘ldi. Bu kulgi birvarakayiga ko‘ngliga ham, ohistagina jimirlashib ketgan qon tomirlariga ham ta’sir qilganday bo‘ldi va bunday yoqimtoy kulgan betdan o‘polmagani alam qildi.

— Onam bilan nima ishim bor? Onam ham, otam ham, bu dunyoda nimaiki menga aziz bo‘lsa, hammasi sen-sen! Agar podsho meni chaqirib; temirchi Vakula, mening davlatimda nimaiki yaxshi narsa bo‘lsa so‘ra, hammasini beraman. Oltindan sandon, kumushdan bolg‘a qildirib beraman, desa, yo‘q, kerakmas, qimmatbaho javohirlar ham, oltin sandon ham, mamlakating-u, yurting ham menga kerakmas. Oksanamni bersang bo‘lgani, derdim!

— Voy, seni qara-yu! Biroq, otam ham xo‘p anoyi emas, onangni olmaganini ko‘rasan, — deb Oksana ayyorlik bilan kulib qo‘ydi. — Nega qizlar haligacha kelmayaptilar-a… Nima bo‘ldi ekan? Ramazon aytadigan vaqt bo‘lib qoldi. Zerikib ketayotibman.



8 из 46