
— Go‘zalim, qo‘ysang-chi, xudo o‘zi yor bo‘lsin ularga!
— Nega endi! Ular bilan yigitlar ham kelishadi! Ana o‘shanda o‘yin bo‘ladi-da. Hali qanday qiziq narsalar gapirib berishadi!
— Ular bilan bo‘lsang xursandmisan?
— Albatta, sendan ko‘ra ular bilan yaxshi-da! E, shoshma! Birov taqillatdi, qizlar bilan yigitlar kelishdi shekilli.
«Endi nima umidim qoldi. Meni mayna qilsa, uning oldida zanglagan taqachalik qadrim yo‘q. Lekin o‘zimni boshqalarga masxara qildirib qo‘ymayman. Unga mendan ko‘proq yoqqan yigitni bilsam, ta’zirini berib qo‘yaman…» dedi o‘z-o‘ziga temirchi.
Eshikning qattiq taqillagani, sovuqda quloqqa noxushroq eshitilgan «och» degan ovoz uning xayolini qochirdi.
Alamiga chidolmagan temirchi, duch kelgan odamning och biqinini teshaman, degan nnyatda «tura tur, o‘zim chiqib ochaman», deb eshikka chiqdi.
* * *Sovuq zo‘rayib, osmon shunday sovib ketdiki, shayton muzlab qolgan qo‘lini sag‘al isitib olmoq uchun, tuyog‘ida sakrab, mushtumiga kuh-kuhlardi. Ertadan kechgacha do‘zaxda yurgach, bu sovuqda qotmasdan bo‘ladimi? Do‘zaxda bizning qishimizdagidek sovuqmasligini bilasiz. Do‘zaxda bo‘lsa shayton qalpog‘ini kiyib olib, bakovulboshidek o‘choq tepasiga minib olib, gunohkorlarni qovurgani-qovurgan edi. Xotinlar bayramda qanday mehr bilan kolbasa qovursalar, shayton ham gunohkorlarni shunday ishtaha bilan qovurardi.
Qalin kiyinganiga qaramay, yalmog‘iz ham to‘ngib qoldi. Shuning uchun, yaxmalak otayotgan odamdek ikki qo‘lini tepaga qilib, oyoqlarini kerganicha, hech bir bo‘g‘imini qimirlatmay, havodan pastga tushdi, xuddi muztepadan sirg‘anib tushganday g‘izillab tushdi-yu, to‘ppato‘g‘ri mo‘riga kirib ketdi.
Shayton ham shu zaylda uning ketidan tushib ketdi. Ammo bu hayvon har qanday oliftadan ham epchil bo‘lganidan, mo‘rining og‘zidayoq, ma’shuqasining yelkasiga minib olib, birpasda ikkovi keng pechkaning ichiga tushib, ko‘zachalar orasiga kirib qolishdi.
