U endi kitobni ochib, marhumni qorga qanday ko’mishgani tasvirini berilib o’qiyotganida (tepadan quyosh ayovsiz kuydirib turganiga qaramay, Santyagoning eti junjikdi), bir qariya kelib, uning yoniga cho’kdi va uni gapga tortdi.

— Ular nima qilishayapti o’zi? — maydondagi odamlarni ko’rsatib, so’radi u.

— Ishlashayapti, — ro’yxush bermay javob qildi bo’zbola, go’yo o’zini berilib kitob o’qiyotganday ko’rsatib.

Aslida esa u muvutchining qizining ko’z o’ngida to’rtta qo’yning junini qanday qirqishini o’ylardi. Chunki qiz uning nimaga qodirligini ko’radi. Santyago bu manzarani tez-tez ko’z oldiga keltirar va har gal xayolida qiziqib qarab turgan qizga qo’yni dumidan boshlab boshi tomonga qirqib borish kerakligini tushintirardi. U yana bir qancha g’aroyib voqealarni ham xotirasida jamlab, qo’ylarni qirqayotib, ularni qizga aytib berishga chog’lanardi. Bu voqea-larni kitoblardan o’qib olgan edi, biroq bularni o’z boshidan kechirganday qilib aytib bermoqchi edi. Qiz hech qachon buning tagiga yetolmaydi: chunki u o’qishni bilmaydi-da.

Qariya juda qaysar chiqib qoldi. Chanqab ketganini aytib, bir qultum vino so’radi. Santyago ko’zani uzatib, shu bilan undan qutilishga umidlandi.

Qayoqda — qariyaning jag’i battar ochildi, gurunglashgisi keldi. Ko’zani uzatayotib, bo’zboladan qanday kitob o’qiyotganini so’radi. Santyagoning boshqa o’rindiqqa o’tib o’tirgisi keldi, biroq otasi unga keksalarga doimo xushmuomalada bo’lishni nasihat qilgandi, shu bois u bir so’z demay kitobni qariyaga uzatdi: ehtimol, kitobning nomini to’g’ri o’qishni u bilar. Agar chol savodsiz bo’lsa, o’zi uni tinch qo’yar, noqulay holga tushib qolmay deb.

— Him… — dedi qariya kitobni qo’lida aylantirib ko’rarkan, go’yo bunday g’alati buyumga birinchi marta ko’zi tushganday. — Yaxshi kitob, zarur narsalar haqida, biroq nihoyatda zerikarli.



13 из 116