Santyago ajablandi: qariya, demak, nafaqat o’qishni bilarkan, hatto ayni shu kitobni o’qib chiqqan ekan. Nachora, agar chindan zerikarli bo’lsa, hali uni boshqasiga almashtirib olishga vaqt bor.

— Bu kitobda ham, deyarli boshqa barcha kitoblarda bor gaplar yozilgan, — davom etdi qariya. — Ya’ni odam o’z taqdirini o’zi tanlay olmasligi haqida. Bu kitobdagi bor gap odamlarni dunyodagi eng katta yolg’onga ishontirishdan iborat.

— Qanaqa u bu dunyodagi eng katta yolg’on? — ajablandi Santyago.

— Mana shunaqa: qandaydir lahzalarda hayotimiz tizgini qo’limizdan chiqib ketadi va uni beixtiyor taqdir boshqara boshlaydi. Uchiga chiqqan uydirma.

— Men uchun, nazarimda, buni tushunish qiyin, — dedi Santyago. — Meni, masalan, ruhoniy qilmoqchi bo’lishgandi, men esa cho’ponlikka ketdim.

— Shunisi ma’qul-da, — boshini sermadi qariya. — Sen yurt kezib yurishni yaxshi ko’rasan-ku.

“Mening fikrlarimni o’qiyotganga o’xshab gapiradi”, — o’yladi bo’zbola.

Bu orada qariya kitobni qaytib berishni xayoliga ham keltirmayotganday, bamaylixotir varaqladi. Faqat hozir Santyago qariyaning egnida arabcha yaktak borligini payqadi — aslida buning ajablanadigan joy yo’q: Tarifni Afrika qirg’og’idan torgina bo’g’oz ajratib turadi, uni bir necha soatda suzib o’tish mumkin. Arablarni shaharchada tez-tez uchratasan — ular bir nimalar sotib olishadi, bir kunda bir necha bor o’zlarining g’alati ibodatlarini amalga oshirishadi.

— Siz qaerliksiz? — so’radi u qariyadan.

— Hammaerlik.

— Bunday bo’lmaydi-ku, — e’tiroz bildirdi bo’zbola. — Hech kim hammaerlik bo’la olmaydi. Mana men, masalan, cho’ponman, dashtu dalalarni kezib yuraman, biroq bir joyda tug’ilganman, shaharchada, eski qasr turgan tog’ yonidagi. Shu shaharchada men tug’ilganman.

— Xo’p, unday bo’ladigan bo’lsa, men Salimda tug’ilganman.

Santyago bilmasdi Salim qaerdaligini, biroq so’rab o’tirmadi, qizarib qolmay deb. U tashvishli qiyofadagi yo’lovchilar tinimsiz o’tib-ketib turgan maydonga tikilib qarab turdi.



14 из 116