— Xo’sh, Salimda hayot qanday?

— Odatdagiday.

Bilib olishning hech iloji yo’q edi. Faqat bunday shahar Andalusiyada yo’qligi ayon edi, aks holda Santyago uni eshitgan yoki ko’rgan bo’lardi.

— U yerda siz nima ish bilan mashg’ulsiz?

— Nima ish bilan mashg’ulman? — Qariya “qah-qah” otib kulib yubordi. — Men uni boshqaraman. Men — Salim podshohiman.

“Odamlarga bir balo dorigan o’zi, — o’yladi bo’zbola. — Haqiqatan, tilsiz qo’ylar bilan andarmon bo’lib yurganim ma’qul aslida, yemishi bilan suvi bo’lsa bas. Yoki kitob o’qiganim tuzuk — g’aroyib voqealarni bilib olasan, qachon xohlasang ochib o’qiyverasan. Biroq odamlar bilan qiyin: tomdan tarasha tushganday bir nimani aytadi, o’tirasan keyin ustingga mag’zava to’kilganday, nima deb javob berishni bilmay”.

— Mening ismim Malkisidq, — ming’irladi qariya. — Qo’ying nechta?

— Ko’p, — mujmal javob qildi Santyago.

— To’g’risi qancha? Demak, senga mening yordamim kerakmas, qo’ying yetarli, deb hisoblasang.

Bo’zbolaning chindan jahli chiqdi. Hech qanday yordam so’rab o’tirmadi. Gapni qariyaning o’zi boshladi-da, avval vino so’radi, keyin kitobni ko’ray dedi, endi unga gurung berishing kerak.

— Kitobni bering, — dedi u. — Men yo’lga chiqishim kerak.

— Menga otaringning o’ndan birini bersang — xazinaga qanday yetib borishni o’rgataman.

Tuyqusdan bo’zbolaga hammasi ayon bo’ldi-qoldi. Lo’li kampir undan sariq chaqa ham so’ramadi, demak, qariya — u, ehtimol kampirning eri, o’zi ham lo’li bo’lsa kerak, bir dunyo yolg’on-yashiq gaplarni to’qib, ko’proq pul undirish uchun atay jo’natilgan.

Biroq Santyago gapga og’iz juftlashga ulgirmay, qariya yerdan bir shoxchani olib, qumga nimalarnidir chizdi. U egilgan chog’da ko’kragida nimadir shunaqa nur taratib yaraqladiki, bo’zbola bir lahza ko’r bo’lib qoldi. Biroq qariya qartaygan yoshiga mos bo’lmagan bir harakat bilan libosiga burkanib oldi, Santyagoning ko’zi ko’ra boshlaganda, u oyoqlari ostida qariya chizgan shakllarni ko’rdi.



15 из 116